Qirg‘izistonning Botken viloyatida 34 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddasini O‘zbekistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining giyohvandlik vositalarini noqonuniy tayyorlash va sotish bilan bog‘liq 282-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 1993 yilda tug‘ilgan E.E.Y. ismli shaxs Tojikistondan Qirg‘iziston hududiga keyinchalik sotish maqsadida yirik miqdorda gashish olib kirishni tashkil qilgan.
Gumonlanuvchi giyohvandlik moddasini sotishga urinayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Uning yoni va avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda sariq rangli skotch bilan o‘ralgan uchta o‘ram topilgan. Ulardagi moddaning umumiy og‘irligi qariyb 3 kilogrammni tashkil etgan.
Shundan so‘ng uning yashash manzilida o‘tkazilgan tintuv davomida yana 31 ta o‘ram aniqlangan. Ulardagi giyohvandlik moddasining umumiy vazni 31 kilogramm 398 gramm bo‘lgan. Shu tariqa musodara qilingan narkotiklarning umumiy og‘irligi 34 kilogramm 448 grammni tashkil etgan.
Hozirda musodara qilingan moddalarning aniq tarkibini belgilash uchun sud-kimyoviy ekspertiza tayinlangan. Tergov organlari xalqaro narkotrafik kanali mavjudligi ehtimolini ham o‘rganmoqda.
Qirg‘iziston IIV ma’lumotiga ko‘ra, giyohvandlik moddalari Tojikistondan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga olib o‘tilayotgan bo‘lgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda ham mazkur ish doirasida qo‘shimcha tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Natijada huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 14 kilogramm gashish va bir kilogramm opiy musodara qilinib, jinoiy guruhga aloqadorlikda gumonlanayotgan 1995 yilda tug‘ilgan X.T.T. qo‘lga olingan.
Ayni paytda narkotiklarni yetkazib berish zanjiri ishtirokchilari va tashish yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.






