Turkiyaning Hatay viloyati Arsuz tumanida O‘zbekiston tomonidan qurib berilgan turar joy majmuasi negizida tashkil etilgan "O‘zbekiston mahallasi", shuningdek, Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar qildi.
Marosimda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush, Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli, mahalliy rasmiylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Numan Kurtulmush mazkur tashabbus Turkiya xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan samimiy hurmati va minnatdorligining ramzi ekanini ta’kidladi.
"Arsuzda O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini o‘zida mujassam etgan nomlarning abadiylashtirilishi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikning yorqin ifodasidir. Bu og‘ir kunlarda Turkiya bilan yelkama-yelka turgan o‘zbek xalqiga bo‘lgan yuksak ehtirom belgisidir", dedi Turkiya parlamenti rahbari.
Marosim ishtirokchilari O‘zbekistonda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu markaz turkiy dunyoning muhim ma’naviy va ilmiy maskanlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar va "Yangi Renessans" g‘oyasi yuksak baholandi.
Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli esa 2023 yil 6 fevraldagi halokatli zilziladan keyin O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam turk xalqi xotirasida abadiy saqlanishini aytdi.
"Hatay aholisi nomidan do‘st va qardosh o‘zbek xalqiga chuqur minnatdorlik bildiraman. Joriy yil yanvar oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida rasman ochilgan mazkur turar joy majmuasiga “O‘zbekiston mahallasi” nomi berilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy do‘stlikning yana bir timsolidir",— dedi Mustafo Masatli.
Tantanali marosim davomida Shavkat Mirziyoyev bulvari, Toshkent va Samarqand ko‘chalarining ochilishi munosabati bilan ramziy tasma kesildi.
Qayd etilishicha, mazkur turar joy majmuasi O‘zbekistonning Hatay viloyatini qayta tiklash bo‘yicha ko‘rsatgan gumanitar yordamining muhim namunasi hisoblanadi. Loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va qardoshlik munosabatlarining amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.






