2021 yil 1 oktyabrdan qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko`p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi hamda mazkur muddatga ko`p kvartirali uy-joy ekspluatasiyasining kafolat muddati joriy qilinadi. Bu haqda “Ko`p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi Prezident qarorida belgilandi.
Har bir ko`p kvartirali uy-joyning kadastr pasportida ko`p kvartirali uy-joyga tutash er uchastkasi to`g`risida ma`lumotlar majburiy tartibda bo`lishi shart.
2022 yil 1 yanvardan mulkdorlarning boshqaruvchi oldida qarzdorligi mavjud bo`lgan taqdirda, uning miqdori uy-joylarga bo`lgan mulk huquqini rasmiylashtirishda notarial idoralar tomonidan tegishli shartnomada aks ettiriladi va yangi mulkdor ushbu qarzdorlik haqida ogohlantiriladi.
Ko`p kvartirali uy-joylarda yashovchi, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro`yxatga olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga majburiy badalni to`lab berish uchun subsidiya ajratiladi.
Qarorga ko`ra, quyidagi masalalar bo`yicha umumiy yig`ilishning qarori, agar uni yoqlab uy-joy mulkdorlari yoki ular vakillarining 80 foizidan ko`prog`i ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi:
ko`p kvartirali uy-joyga tutash hududlarda yangi ob`ektlarni qurish;
mulkdorlar amal qilishi majburiy bo`lgan ko`p kvartirali uy-joylarda umumiy mol-mulkni boshqarishning talab va qoidalarini tasdiqlash;
ko`p kvartirali uy-joy uchun qarz va kreditlarni jalb qilish.
2021 yil 1 avgustgacha loyiha doirasida biriktirilgan hududlar, 2022 yil 1 yanvarga qadar esa butun respublika hududlarida ko`p kvartirali uy-joyga xizmat ko`rsatish jarayoniga uy-joy mulkdorlarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda billing tizimi joriy qilinadi.
2021 yil 1 oktyabrgacha ko`p kvartirali uy-joylarni boshqaruvchilarning elektron reestri ishga tushiriladi.
2021 yil 1 iyuldan ko`p kvartirali uy-joylarni boshqarish usuli shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga o`tgan uy-joylar uchun jalb qilingan kreditlarning muddatini, mahalliy hokimliklar kafilligi asosida, uch yilgacha uzaytirish choralari ko`riladi.