Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov AOKA da o`tkazilgan matbuot anjumanida Yuridik texnikum bitiruvchilarini ish bilan ta`minlash borasidagi savollarga javob berdi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar bermoqda.
Rahimjon Hakimovga ko`ra, Yuridik texnikum bitiruvchilariga davlat ta`lim standartlariga muvofiq o`rta maxsus professional ta`limdagi yo`nalishlar, kasblar va mutaxassisliklar bo`yicha malaka darajasi ko`rsatilgan holda, o`rta maxsus professional ta`lim to`g`risida davlat namunasidagi diplom beriladi.
Yuridik texnikumni tamomlagan o`quvchi respublika miqyosida malaka talablariga binoan o`rta maxsus yuridik ma`lumot zarurati mavjud bo`lgan davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan:
- O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining hududiy tuzilmalari;
- Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining hududiy organlari;
- notarial idoralar, advokatlik tuzilmalari va shu kabi qator idoralarning umumiy shtat birliklari soni doirasida vakant lavozimlarga ishga kirish bo`yicha tanlovda belgilangan tartibda ishtirok etish mumkin.
Yuridik texnikum bitiruvchilari egallashi mumkin bo`lgan lavozimlar soni 90 dan ortiqni tashkil etadi. Ushbu lavozimlar bilan Qonunchilik ma`lumotlari milliy bazasi www.lex.uz da tanishish mumkin.
Ma`lumot o`rnida, 2019/2020 o`quv yili yuridik texnikumlarini (sobiq yuridik kollejlarni) 4364 nafar bitirgan. Shundan, 1542 nafar (35,3%) bitiruvchilar bandligi ta`minlangan bo`lib, ishga joylashish bo`yicha eng yuqori – Samarqand viloyati yuridik texnikumida qayd etilgan (575 nafar bitiruvchidan 498 nafari (86,6%) ish bilan ta`minlangan).