Yurtimizda koronavirus pandemiyasining ilk kunlaridanoq vaziyat murakkablashgan sharoitda jamoatchilikning kasallik bilan bog`liq savollariga o`z vaqtida javob berish, tibbiy yo`l-yo`riq ko`rsatish tizimi yo`lga qo`yilgan edi.
Jumladan, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan 2020 yilning 15 mart kuni 1003 yagona qisqa raqamli Call-markaz ishga tushirilgandi. Fuqarolarimiz ushbu raqamga qo`ng`iroq qilib, koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq barcha savollarga malakali mutaxassislardan aniq va asosli javob olishmoqda.
Call-markaz hozirda ham tunu kun faoliyat ko`rsatmoqda, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati. Kasallik avjiga chiqqan vaqtda unda 200 nafardan ortiq professor o`qituvchilar, shifokorlar uch smenada uzluksiz fuqarolarning murojaatlariga javob bergan bo`lsa, hozirda 15 nafar mutaxassis uch smenada qo`ng`iroqlarni qabul qilmoqda.
Ularning orasida tibbiyot fanlari nomzod va doktorlari, malakali mutaxassislar bo`lib, fuqarolardan tushgan savollarga tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar berishmoqda.
Ma`lumot uchun, Call-markazga joriy yilning may oyida kuniga o`rtacha 300 nafar fuqaro qo`ng`iroq qilgan.
Ayni paytda Call-markazga bir kunda o`rtacha 200-400 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Ba`zida esa bu ko`rsatkich 400 dan ham oshmoqda. Oxirgi 10 kun ichida (12-21 iyun kunlari) esa markazga 2962 nafar fuqaro qo`ng`iroq qilgan.
Eng ko`p berilayotgan savollarga e`tibor beradigan bo`lsak, pandemiyaning birinchi kunlari aholi koronavirus infeksiyasi, uning yuqish yo`llari va belgilari, profilaktika qoidalarini bilish uchun murojaat qilgan edi.
Hozirda esa aholining xabardorligi ancha oshganligi bois savollar mazmuni ancha o`zgargan. Ya`ni bugungi kunda virusning qaysi shtammlari yurtimizda qayd etilgan, ular klinikasi bo`yicha bir-biridan qanday farq qiladi, bolalarda ularning belgilari qanday namoyon bo`lmoqda, bir marta kasallangan kishi yana qayta virusni yuqtirishi mumkinmi kabi qator savollar berilmoqda.
Shu bilan birga, koronavirusga qarshi emlash bilan bog`liq savollar ham dolzarb bo`lib turibdi. Bunda aholini koronavirusga qarshi emlanish to`g`rimi, vaksinalarning qanday aks ta`sirlari bor, qaysi vaksinani qabul qilgan ma`qul, boshqa davlatga borish uchun emlanish shartmi, vaksinani qaerdan olsa bo`ladi, o`zimizni qanday himoyalashimiz mumkin kabi qator savollar qiziqtirmoqda.
Shuningdek, aksariyat murojaatchilar Toshkent shahar va viloyatlardagi COVID-19 bilan og`rigan bemorlarni qabul qilayotgan shifoxonalarning manzili va telefon raqamlarini ham so`rashmoqda.






