AsosiyJamiyat

Bugunning o`zgacha yondashuvdagi «qichqiriqlari» — Tashqi reklama bozori talabga javob beradimi?

'Bugunning o`zgacha yondashuvdagi «qichqiriqlari» — Tashqi reklama bozori talabga javob beradimi?'ning rasmi

Bugun ko`chada nima ko`p, reklama ko`p. Baland binoda ham, serqatnov ko`cha yoqalarida ham, jamoat transportida ham reklama. U marketingning tarkibiy qismi. Asosiy vazifasi esa xaridorni qiziqtirish. Ochig`ini aytish kerak, ishlab chiqaruvchilar reklama borasida ham samarali raqobat olib borishmoqda. Bir-biridan o`zgacha yondashuvdagi «qichqiriqlar» (lot. reklamo — qichqirmoq) iste`molchilarni befarq qoldirmayapti.

Misol uchun, mebel ishlab chiqaruvchilar tomonidan shahar ko`chalariga o`rnatilgan reklamalarga e`tibor qarating: «Qiz tomonga mebel yo`q», «Kuyov tomonga 1000000 so`m to`yona», «To`yga tayyormisiz?» va hokazo. Ammo ba`zi reklamalarda ma`naviyatimizga mos kelmaydigan elementlardan foydalanilayotgani, imloviy savodxonlikka e`tibor qaratilmayotgani, aholi sog`lig`iga xavf tug`dirayotgan joylarga o`rnatilayotganidan ham ko`z yuma olmaymiz. Gohida tillarning «aralashmasiyu» qo`pol xatolarni ko`rib, «Bularni o`zi kimdir nazorat qiladimi?» degan haqli savol tug`iladi. Axir, shahar ham bedarvoza emasdir?!

Vaholanki, «Reklama to`g`risida»gi qonunda nimalarga e`tiborli bo`lish kerakligi, reklama mahsulotlariga qanday talablar qo`yilishi belgilab berilgan. Ammo, lekin, biroq deganlaridek, nima uchundir ba`zan bu normalar eslanmaydi. Xo`sh, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to`g`risida»gi qarori yuzaga kelgan kamchiliklarni bartaraf eta oladimi? Xatti-harakatlar nazoratini ta`minlaydimi?

Qaror avvalgilarini takrorlamaydimi?

Dilshod AZIMOV,

Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi boshqarma boshlig`i:

— Tashqi reklama bozori Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan nazorat qilinadi. Reklamalar joylashtirilishiga esa Qurilish vazirligi va tuman hokimliklari mas`ul hisoblanadi. Boisi ular shaharsozlik va xavfsizlik talablariga rioya etgan holda o`rnatilishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori 2018 yil 30 avgustdagi tegishli qaror ijrosini ta`minlashga qaratilgan. Xususan, endi tashqi reklama vositalarini joylashtirish uchun beriladigan ruxsat olish amaliyoti auksion tarzda amalga oshiriladigan bo`ldi. Avvallari reklama beruvchi bevosita hokimiyatga borar yoki hokimlik qoshidagi komissiyaning ishchi organiga murojaat qilardi. Toshkent shahrida esa reklamani qaysi ko`chaga o`rnatish, qaysi burchakka joylashtirish bo`yicha «Toshkent reklama servis» unitar korxonasi shug`ullanardi. Bu tizim o`zini oqlamadi, ruxsatnoma pora evaziga yoki tanish-bilishlarga berila boshladi.

Bundan tashqari, tushumni taqsimlashda ko`plab chalkashliklar kuzatildi. Xususan, ko`pgina viloyatlarda tashqi reklama uchun yig`iladigan oylik tushumlar «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasining hisob raqamiga tushirilardi. 2018 yilgi qarorda mablag`ni o`tkazish joylari va yagona tizim yaratildi. Joriy yil qabul qilingan yangi qaror esa sohadagi mavjud kamchiliklarni bartarif etish uchun yanada mukammal tarzda ishlab chiqildi. Noma`qbul xatti-harakatlarni tartibga solish uchun tashqi reklama ob`ektlarini qurish tartibi, qurish uchun beriladigan er, bino va inshootlar ro`yxatini shakllantirish, qurish huquqini elektron auksion orqali berish tartibi to`g`risidagi Nizomlar tasdiqlandi.

Joriy yil 1 martdan boshlab Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatning alohida tartibi joriy qilindi. Poytaxtimizda tashqi reklama monitoringini amalga oshiruvchi, noqonuniy o`rnatilgan reklamani aniqlash va chora ko`rish uchun tegishli organlarga murojaat qilish bilan shug`ullanadigan «Arxitektura rejalashtirish byurosi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Ta`kidlab o`tish joiz, Toshkent shahar hokimligiga bir oy muddat ichida birinchi va ikkinchi darajali ko`chalarni belgilab berish yuklatilgan. Joriy yil yakuniga qadar birinchi darajali ko`chalarda video ekranli moslamalar, ikkinchi darajali markaziy qatnov ko`chalarida esa yuqori texnologiyali vositalarni o`rnatish belgilangan.

To`lovlar miqdori qanday belgilanadi?

Adelya KAShFITDINOVA,Davlat xizmatlari agentligi mas`ul xodimi:

— Har bir tumanda ishchi organlari tashkil etildi. Ular viloyatlarda o`rnatiladigan reklamalarning yangi tartibga mos yoki mos emasligini aniqlaydi. Ishchi guruhi xulosalari esa Davlat xizmatlari markazlaridan reklama joylashtirish uchun pasport olishga asos bo`ladi. Tashqi reklama ob`ektlari uchun to`lov miqdori reklama o`rnatiladigan ob`ektning hajmi va joylashgan hududiga qarab belgilanadi.  

Qarorga muvofiq, er uchastkalaridagi tashqi reklama ob`ektlari uchun 10, davlat mulki bo`lgan bino va inshootlardagi tashqi reklama ob`ektlari uchun 5 yil muddatga DXMlar orqali reklama joylari pasportlarini berish bir martalik yig`im summasini to`lash orqali amalga oshiriladi. Er uchastkasiga o`rnatilgan video ekranli tashqi reklama ob`ektlari uchun ko`rsatilgan muddat qo`shimcha 10 yil muddatga uzaytiriladi.

Hozirga qadar qonuniy o`rnatilgan tashqi reklama ob`ektlarini mazkur qaror talablariga moslashtirish uchun 6 oy muddat berildi. Belgilangan muddatda moslashtirilmagan reklama ob`ektlari egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda o`z kuchi bilan olib tashlanadi. Aks holda bu ish sud tartibida amalga oshiriladi.

Qanday hududlarga reklama o`rnatish taqiqlandi?

Jahongir ANVAROV,

Qurilish vazirligi bosh mutaxassisi:

— Tashqi reklama ob`ektlari (konstruksiyalari)ni qurish tartibi to`g`risidagi Nizomga ko`ra, tashqi reklamani yo`l chetidagi maxsus hududda o`rnatishga ruxsat beriladi. Bunda ajratuvchi yo`laklar, yo`l chetidan 1 metr va undan kam bo`lgan masofada joylashgan tashqi reklama ob`ektlari haydovchi va piyodalar uchun ko`rishni cheklamasligi lozim. Yo`l chetida alohida turuvchi tashqi reklamani o`rnatishda, konstruksiya chetlari yo`lning qatnov qismidan ortiq chiqmasligi kerak.

Avtomobil yo`llari oralig`ida joylashgan tashqi reklama ob`ektlarining gorizontal uzunligi yo`llar oralig`idagi masofa uzunligidan oshmasligi shart. Reklama maydonining pastki chetidan yo`l qoplamasi yuzasigacha bo`lgan masofa 5 metrdan kam bo`lmasligi va texnik vosita konstruksiyasi transport vositalari xaydovchilari uchun noqulaylik tug`dirmasligi lozim. Shuningdek, Nizom bilan qatnov qismida va piyodalar yo`lakchasi, jamoat transporti bekatlari, yo`l va ko`cha chetlarida 5 metrdan past balandlikda, bevosita tunnelga kirish va chiqish joylari yonida, ulardan 5 metrdan yaqin bo`lmagan masofada tashqi reklamani o`rnatish taqiqlandi.

Sirasini aytganda, o`tgan yili qabul qilingan qaror tashqi reklama bozoridagi xatti-harakatlarni nafaqat tartibga soladi, balki yurtimiz qiyofasini go`zallashtirishga xizmat qiladi. 

Risolat MAXSIMOVA, jurnalist

    Boshqa yangiliklar