Ishtixon hokimligi matbuot xizmati xodimini haqorat qilgan ikki yigitga sud hukmi o`qildi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Ishtixon dehqon bozorida 14 iyun kuni «My5» telekanali «Markaziy studiya» ko`rsatuvi xodimlari va Ishtixon tuman hokimining axborot siyosati masalalari bo`yicha maslahatchisi Ilhom Boboev bozordagi holatni o`rganish vaqtida 29 yoshli N.O. va 33 yoshli M.U. jurnalistlar bilan bo`lgan holatni hamda o`rtadagi vaziyatni anglamagan holda I.Boboevga nisbatan noo`rin harakatlar sodir etgan. Shuningdek, ular hokimlik xodimini haqorat qilib, xizmat faoliyatiga to`g`ridan-to`g`ri aralashgan.

Ushbu holat yuzasidan sud o`tkazilib, N.O. va M.U. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik (Mayda bezorilik)ni sodir etgan deb topilib, 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan. Ushbu fuqarolarni qamoqda saqlash bilan bog`liq bo`lgan xarajatlar uchun har bir kunga eng kam ish haqining 15 foiz miqdorida davlat daromadiga pul undirilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, ushbu kungi holatda odamlarni to`plash hamda hokimiyat vakillariga nisbatan qarshilik ko`rsatishda targ`ibot ishlarini amalga oshirishda faol bo`lgan fuqarolar bo`yicha surishtiruv ishlari olib oshirilmoqda.






