Ayni damda Buxoro shahrida 23-24 iyun kunlari o`tkazilishi rejalashtirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi o`z ishini boshladi. Bu haqda Darak.uz muxbiri xabar bermoqda. Mazkur forumni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbaeva ochib berdi va Prezident Shavkat Mirziyoevning forum ishtirokchilariga yo`llagan tabrigini o`qib eshittirdi.
Aytish joizki, tadbirda Evropa parlamenti hamda Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Latviya, Bolgariya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya, Tayland, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Afg`oniston, Qirg`iziston kabi o`nlab mamlakatlar parlamentlari a`zolari, shuningdek, qator nufuzli xalqaro tashkilotlar va parlamentlararo tuzilmalar vakillari tashrif buyirgan.
Xalqaro forumning asosiy yo`nalishlari quyidagilardan iborat:
— Barqaror rivojlanish maqsadlarining samarali bajarilishini ta`minlashda parlamentning roli;
— Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo`yicha tadbirlarni moliyalashtirish;
— Barqaror rivojlanish maqsadlarining statistik ko`rsatkichlarini shakllantirish;
— Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilikning ishtiroki;
— Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishida parlament nazorati, monitoring va baholashning ahamiyati;
— Barqaror rivojlanish yo`lida dunyo parlamentlari o`rtasida xalqaro muloqot va global hamkorlikni rivojlantirish.
Ma`lumot o`rnida, Global forum yakunida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik bo`yicha Buxoro deklarasiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan.