Avval xabar berganimizdek ayni paytda Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi bo`lib o`tmoqda. Kunning birinchi yarmida forumning dastlabki ikki sessiyasi o`tkazildi. Darakchi.uz muxbirining xabar berishicha, o`tkazilgan davomida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norbaeva global muammo bo`lmish orol masalasiga to`xtalib o`tdi.
"Global miqyosdagi Orol masalasiga doir tashabbus va chaqiriqlarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan qo`llab-quvvatlanib, 2018 yilda Orolbo`yi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik trast fondi tuzilgani, o`tgan yili BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasi bilan Orolbo`yi mintaqasi ekologik innovasiya va texnologiyalar hududi, deb e`lon qilinganidan xabardorsiz.
Mazkur tashabbuslarni hayotga tatbiq etish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo`yi xalqaro innovasiya markazi tashkil etildi. Dengizning qurigan qismida millionlab gektar yashil maydonlar barpo etilmoqda. Ayni paytda Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiya va texnologiyalar hududi, deb e`lon qilish bo`yicha BMT rezolyusiyaning maqsad va vazifalari bilan hamohang istiqbolli innovasion loyihalar va tadbirlarni qamrab olgan “Yo`l xaritasi” ishlab chiqilmoqda.
Fursatdan foydalanib, Orol masalasiga doir tashabbuslarimizni qo`llab-quvvatlab, ovoz bergan mamlakatlarga minnatdorlik izhor qilamiz va barchani bu borada amaliy hamkorlikka chorlab qolamiz"–dedi Senat Raisi.
Eslatib o`tamiz, mazkur xalqaro forum kunning ikkinchi yarmi va ertaga davom etadi.