Bir necha kunlardan beri ijtimoiy tarmoqlarda yuridik texnikumlar talabalari, ularning yaqinlari tomonidan bildirilayotgan e`tirozlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo`layotgan edi. Holat yuzasidan Adliya vazirligining Matbuot kotibi tahliliy tushuntirish berdi.
Xabarga ko`ra, Adliya vazirligi vakili hamda TDYuU rahbariyati tomonidan AOKA anjumanlar zalida ochiq muloqot bo`lib o`tgan. Savol beradiganlarga hech bir to`siq qo`yilmadi. Jarayon Uzreport telekanali orqali to`g`ridan-to`g`ri efirga uzatildi. Tushuntirildi, biroq muhokamalar haligacha davom etmoqda.
To`g`ri, tartib o`zgargan, aniqrog`i 2018 yilgi tartib bo`yicha belgilangan chet tilini bilish darajasini aniqlash bo`yicha o`tkaziladigan suhbatning o`rniga inson omilini kamaytirish, shu orqali tanish-bilishchilikning oldini olish maqsadida bitiruvchining chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo`lishi belgilab qo`yilgan. Bu 2020 yilning oktyabr oyida yuz bergan edi.
Eski tartib bo`yicha ham yuridik texnikum talabalari TDYuUga kirish uchun yo`llanma olishlari va TDYuUda suhbatdan o`tishi (chet tilini bilish darajasi kamida B1 darajada bo`lishi shart ekanligi) oldindan ma`lum edi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 iyuldagi 573-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan.
Shu bilan birga, nizomga o`zgartirishlar 2020 yil 30 oktyabrda kiritilgan. Texnikum talabalarida kamida 8 oy muddat bor edi. Agar talaba ingliz tilini B1 darajada bilsa, unda IELTSdan 5.5 darajadagi sertifikat qo`lga kiritish muammo bo`lmaydi, deb o`ylaymiz.
Shu vaziyatdagi talabaning vajlarini tushunish va unga tushuntirish mumkin, lekin buni ba`zi yurist/blogerlarning o`zlari tushunishni istamayapti.
Yuridik texnikum talabalarining ish bilan ta`minlanishi masalasiga to`xtalsak, bu jarayon murojaatda aytilganidek "ko`zbo`yamachilikdan iborat bo`lgan Mehnat yarmarkalari" orqali imkon qadar hal etib kelinmoqda.
2019/2020 o`quv yilida yuridik texnikumlarini 4 364 nafar talaba bitirgan. Shundan, 1 542 nafar (35,3%) bitiruvchining bandligi ta`minlangan. Ishga joylashish bo`yicha eng yuqori ko`rsatkich Samarqand viloyati yuridik texnikumida qayd etilgan (575 nafar bitiruvchidan 498 nafari yoki texnikumning 86,6% bitiruvchisi ish bilan ta`minlangan).
P/S: Qarorlarning qanchalik mo`rt ekanligini biladigan darajada ekspert bo`lish uchun eng kamida qarorning oldingi tahririni topish va uni tahlil qila olish qobiliyatiga ega bo`lish kerak...






