Bu haqda bugun, 23 iyun kuni O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan Milliy matbuot markazida jurnalistlar va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida qayd etildi.
Tadbirda uyushma raisi O`zbekistonda jurnalistlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va e`tibor o`zining yangi pallasiga chiqayotgani haqida ta`kidlab, yaqin orada OAVlarda faoliyat olib borayotgan xodimlar uchun qator imtiyoz va sharoitlar yaratilishi haqida gapirdi. Xususan, yaqin muddatlarda:
- OAV vakillari uchun maxsus dam olish zonalari, sog`lomlashtirish markazlariga yo`llanma berish tizimi yo`lga qo`yiladi;
- Jurnalist va blogerlar himoyasini huquqiy qonuniylashtirish yuzasidan Advokatlar palatasi bilan hamkorlik aloqalari o`rnatiladi;
- Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkiya, Hindiston, Rossiya va Janubiy Koreya jurnalistlar uyushmalari bilan xalqaro hamkorlik memorandumlari qabul qilinadi.
Shuningdek, Olimjon O`sarov ayni paytda anjuman bo`lib o`tayotgan Milliy matbuot markazini kelajakda "Jurnalistlar uyi"ga aylantirish rejalashtirilayotganini ma`lum qildi.
"Mana, o`zingiz guvoh bo`lib turibsiz, so`nggi kunlarda turli saytlar bilan bog`liq yuzaga kelayotgan muammolar faqat ijtimoiy tarmoqlarda muhokama etilmoqda. Biz endilikda Milliy matbuot markazida jurnalistlarning istagan vaqtida kelib ijod qilishi, kerak bo`lsa, ish faoliyatlarida duch kelayotgan muammolarini hamkasblari va mutaxassislar bilan muhokama qilishlari mumkin bo`lgan sharoitni yaratmoqchimiz. Bir so`z bilan aytganda, kelajakda Milliy matbuot markazi haqiqiy "Jurnalistlar uyi"ga aylanadi", - dedi uyushma rahbari.






