“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig`iga ko`ra, jamiyat tarkibidagi korxona va tashkilotlarda komplaens nazorat yo`nalishida to`g`ridan-to`g`ri va potensial manfaatlar to`qnashuvini aniqlash, bartaraf etish va kelgusida oldini olish, shunday holatlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarni boshqa lavozimlarga o`tkazish bo`yicha keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda “O`zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati xabar bermoqda.
Buning natijasida jamiyat tizimida ham juda ko`p holatlarda qarindosh-urug`chilik munosabatlarini avj olganligi, bunday munosabatlarning bevosita xizmat vazifasiga ko`ra to`g`ridan-to`g`ri bo`ysunuvidagi lavozimlarda ham uchrayotganlik xolatlari aniqlanib, bu bo`yicha Boshqaruv raisi tomonidan tanqidiy munosabat bildirildi.
Misol uchun, bir korxonada faoliyat olib boradigan bosh texnologning 5 ta qarindoshi qo`l ostidagi asosiy ishlab chiqarish sexida ishlaydigan bo`lsa, boshqa bir energetikning 4 ta qarindoshi qo`l ostidagi elektr ta`minot sexida faoliyat yuritib kelmoqda.
Xuddi shunday, bir korxona direktorining ukasi bo`lim boshlig`i lavozimida ishlasa, direktor o`rinbosarining ukasi muhandis energetik lavozimida yoki xaridlar bo`limi boshlig`ining qizi esa mazkur bo`limda moddiy texnik ta`minoti bo`yicha muhandis lavozimida ishlab kelayotganligi kabi holatlar aniqlangan.
Jamiyatning boshqarmalari (zavod), korxona va neft bazalarida ishlovchi xodimlar o`rtasida 220 ta holatda manfaatlar to`qnashuvining asosiy omili bo`lgan qarindosh-urug`chilik munosabatlari aniqlangan bo`lib, 127 ta holatda manfaatlar to`qnashuvi bo`yicha tegishli muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirildi.Qolgan munosabatlarni tartibga solish va muvofiqlashtirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
“O`zbekneftgaz” AJ tizimini shaffof etishga qaratilgan islohotlar hamda manfaatlar to`qnashuvini oldini olish yo`lidagi profilaktika ishlari davom ettirilmoqda va kelgusida ham ushbu nazorat ishlari natijalari bo`yicha ma`lumotlar taqdim etiladi.






