Ijtimoiy tarmoqlarda 18 iyun kunidan boshlab Navoiy shahri hududida noxush hid tarqalgani hamda Karmanada joylashgan «Berejlivost» XIChKga qarashli maishiy xo`jalik chiqindilarini ko`mish poligonida yong`in chiqqani to`g`risidagi shikoyatlar viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan o`rganildi.
Aniqlanishicha, ob-havoni keskin isib ketishi natijasida chiqindilar ko`milgan poligonda chiqindilar qizib tutagan va 19 iyun kuni yong`in sodir bo`lgan. Natijada atmosfera havosiga katta miqdorda tutun turli gazlar kanserogen moddalar, is gazi va boshqa moddalar ajralib chiqqan.
Shamolning yo`nalishi hisobga olgan holda ushbu gazlar shahar atmosfera havosida saqlanib, anomaliya holatlarini sodir qilgan va aholi uchun noqulay sharoitni keltirib chiqargan. Boshqarma xodimlari tomonidan borib o`rganib chiqilgan va qonuniy choralar ko`rilgan bo`lishiga qaramasdan, korxona tomonidan aholi va hududlarning tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong`in xavfsizligini ta`minlash sohasida qonunchilik talablariga amal qilinmagani oqibatida chiqindilarni ko`mish poligonida yong`in yuzaga kelgan.
Korxonalardan 20 dan ortiq texnikalar, 2 ta yuqori sig`imli suv monitor gidrantlari, 3 ta o`t o`chirish mashinalari, 2 ta buldozer, 20 ta Howo yuk tashuvchi avtotransport vositalari jalb qilingan. Ular yordamida 500 metr kub qum-tuproq tashlanib, yongan hududlarni ko`mib tashlash choralari ko`rilgan. Shu bilan bir qatorda tutunning shahar hududiga ta`sir doirasiga qarab, kechki paytlarda boshqarmaning laboratoriyasi shahar hududida atmosfera havosidan namunalar hamda tahlil ishlarini olib borishga kelishib olingan.
22 iyun kuni Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Atrof-muhit ifloslanishini monitoring qilish bo`limi (Analitik laboratoriya) va Navoiy viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasi huzuridagi Navoiy shahar atmosfera havosini monitoring qilish laboratoriyalari bilan hamkorlikda chiqindixonaning sanitar himoya mintaqasidan namunalar olinib, tahlil ishlari olib borilgan.
Navoiy viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Analitik laboratoriyasi tomonidan chiqindixonaning sharqiy tomonidan olingan namunalar tarkibi quyidagilar aniqlangan: azot oksidi PDK 0,06 natija — 1,67 marotaba, azot oksidlari PDK 0,085 natija —1,76 marotaba, oltingugurt ikki oksidi PDK 0,5 natija —1,3 marotaba, uglerod ikki oksidi PDK 5 natija —1,2 marotaba belgilangan me`yorlardan yuqori. Gidrometrologiya laboratoriyasi tahlillari natijalari noorganik chang PDK 0,5 natija — 1 marotaba, oltingugurt oksidi PDK 0,5 natija — 0,38 marotaba, uglerod oksidi PDK 5 natija — 1,4 marotaba, azot ikki oksidi PDK 0,085 natija — 1,05 marotaba, ammiak PDK 0,2 natija — 1 marotaba belgilangan me`yorlardan yuqoriligi aniqlangan.
Chiqindixonaning janubiy tomonidan olingan namunalar ham atmosferadagi zararli gazlar miqdori belgilangan me`yordan ortiqligini ko`rsatgan.
"Me`yordan yuqori chiqqan holatlar bo`yicha tabiatga etkazilgan zarar va atmosfera havosini ifloslantirganligi uchun ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, barcha holatlar bo`yicha sudga chiqarish uchun hujjatlar tayorlanmoqda. Ushbu hudud Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan nazoratga olindi ishning yakuni bo`yicha qo`shimcha ma`lumot taqdim etiladi", — deyiladi xabarda.