1

FVV akademiyasi bitiruvchilariga «Diplom» va «Leytenant» harbiy unvoni tantanali topshirildi

Jamiyat 24.06.2021, 22:23
FVV akademiyasi bitiruvchilariga «Diplom» va «Leytenant» harbiy unvoni tantanali topshirildi

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo`lidan ma`lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo`lishi o`sha davlatda yoshlar ta`lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e`tibor darajasiga chambarchas bog`liq.

Hozirgi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning «Yoshlarimiz haqli ravishda vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo`lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g`urur va iftixor bag`ishlaydi»,- degan so`zlari yurtimiz yoshlariga nisbatan bildirilgan yuksak ishonch va e`tiborning namunasidir.

Joriy yilning 23 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va «leytenant» maxsus unvonini tantanali topshirish tadbiri o`tkazildi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchisi. general-leytenant Tursinxan Xudaybergenov, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mas`ul xodimlari, Akademiya professor-o`qituvchilari va kursantlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda general-leytenant Tursinxan Xudaybergenov hamda Akademiya boshlig`i general-polkovnik Qobul Berdiev so`zga chiqib, o`z nutqlarida O`zbekiston Respublikasining «Ta`lim to`g`risida» va «Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida»gi qonunlari yurtimizda oliy ma`lumotli mutaxassis kadrlarni har tomonlama etuk, mas`uliyat va burchini chuqur his qiladigan hamda o`z kasbini sevib ardoqlaydigan, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berayotganini alohida ta`kidladilar.

Shuningdek, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida mamlakatimiz har tomonlama barqaror rivojlanib bormoqda, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilib, qabul qilinayotgan keng ko`lamli dasturlar yagona va ulug` bir maqsadlarga qaratilayotganini e`tirof etdilar.

So`nggi yillarda oliy ta`lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta`limda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integrasiyalashuvini kuchaytirish, oliy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug`ullanishga keng jalb etishga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Ushbu islohotlar jarayonida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga qaratilayotgan e`tiborni ham alohida qayd etish joiz. Bu borada O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi «O`zbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong`in xavfsizligini ta`minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to`g`risida»gi Farmoni alohida ahamiyat kasb etib, bugungi kunda mustaqil vatanimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, dunyo mamlakatlari orasida yurtimiz obro`-e`tiborining tobora yuksalib borishi, farzandlarimizning intellektual salohiyat egasi, o`z kasbining mohir ustasi, hech kimdan kam bo`lmagan avlod bo`lib etishishlari uchun asos bo`lib xizmat qiladi.

 

Bitiruvchilarga diplom va harbiy «leytenat» unvoni generallar tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Ha, yosh ofiser uchun general qo`lidan diplom va harbiyunvon olish katta ishonch va faxr-iftixor desak, xato bo`lmaydi. Bu lahzalar ularning hayotida bir umrlik oltin sahifalar bo`lib qoladi.

Tantana davomida so`zga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar o`zlarining his-hayajonga to`la tilaklarini izhor etib, yosh ofiserlarni samimiy muborakbod etishdi:

Harbiy kiyim-boshi o`zlariga yarashib turgan navqiron yosh farzandlarimizning muqaddas va sharafli burchlarini sidqidildan bajarib, jonajon Vatanimiz, yurtboshimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishlarida bildirilgan yuksak ishonchni oqlaydigan ofiserlar bo`lishlariga ishonamiz,deydi — Akademiya boshlig`ining o`rinbosari polkovnik Choriyor Xo`janov.

Tadbir shodiyonasi Akademiya «Ma`naviyat va ma`rifat» markazi boshlig`i podpolkovnik Savriddin Najmiev ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qo`shiqlarga ulanib ketdi. O`z o`rnida, yosh ofiserlarimizni bitiruv ayyomi bilan qizg`in qutlab, ofiserlik diplomi va harbiy «leytenant» unvoni muborak bo`lsin, deb qolamiz. 

— Bugun biz, yosh ofiserlarning quvonchimiz cheksiz, — Bizni voyaga etkazgan ota-onalarimizga, ta`lim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz — deydi bitiruvchi leytenant Islom Mirzaaxmedov. – Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sog`ligini asrashdek baxtli kasb bo`lmasa kerak, biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, etuk kadrlar bo`lib etishganimizdan va Ona Vatanimiz ravnaqiga o`z hissamizni qo`shayotganligimizdan faxrlanamiz, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlarga javoban, xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yong`in xavfsizligini ta`minlash yo`lida bor kuch-g`ayratimizni safarbar etamiz, deb va`da beramiz.

— Bugun farzandim Islomjon ofiserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yo`l olayotganidan boshim ko`kka etdi, — deydi Mirzohid Mirzaaxmedov. O`zim ham shu sohada mehnat qilayotganligim uchun bizning oilamizda ham ushbu kasbga xos bo`lgan muhit shakllangan va shu ruhda voyaga etgan.

Ishonamanki, farzandlarim jonajon Vatanimiz va xalqimiz xizmatida bo`lib, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va ko`nikmalarini amaliyotda qo`llab, mustaqil yurt osoyishtaligini ta`minlashga bor kuch va shijoatlarini safarbar etadilar.

Farhodjon Xojaev,

Akademiya katta o`qituvchisi, kapitan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1