12 iyun kuni "UzAuto Motors"ning Asaka shahridagi zavodiga etkazilgan yukda po`lat listlarning bir qismi etishmayotganligi aniqlandi. Bu haqda UzAuto Motors AJning Axborot xizmati ma`lum qildi.
Rossiya Federasiyasi «Severstali» kompaniyasining yuk vagonlari zavodga kirish paytida ko`rikdan o`tkazilganida, vagondagi yuklardan birining qadog`i buzilganligi ma`lum bo`ldi. Mazkur holat yuzasidan "UzAuto Motors" AJning komplaens xizmati tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko`ra, vagonga ortilgan po`lat listlarning bir qismi kompaniyaga etib kelgunga qadar, noma`lum shaxslar tomonidan o`g`irlanganligi aniqlandi.
Ishlab chiqarish standartlariga muvofiq, ushbu talon-toroj qilingan po`lat listlar me`yor sarfiga muvofiq, 2030 ta “Nexia-3” yoki 871 ta “Gentra” yoki 970 ta “Labo” avtomashinalari kuzov qismlarini ishlab chiqarish uchun ishlatilgan bo`lardi.
Ushbu hodisa yuzasidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida to`plangan barcha materiallar aybdor shaxslarni aniqlash uchun, hamda yuklar tashilishida ularning xavfsizligi va samarali qo`riqlanishiga mas`ul bo`lgan IIVning transportda xavfsizlikni ta`minlash bo`linmalari xodimlarining xizmat vazifalarini qonuniy bajarganligiga huquqiy baho berish uchun O`zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasiga yuborildi.
Shu bilan birga, kompaniya tuzilgan shartnomalar bo`yicha barcha majburiyatlar bajarilishini kafolatlashini, ushbu voqea mijozlarga avtomobillarni etkazib berish muddatiga ta`sir qilmasligini ma`lum qildi.






