27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni arafasida O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, Yoshlari ishlari agentligi, “Mening yurtim” telekanali, tashabbusi bilan “Tashkent City” Xalqaro ishbilarmonlik markazida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari tahririyatlarida faoliyat ko`rsatayotgan yosh jurnalistlar, matbuot xizmati xodimlari va blogerlarni taqdirlash marosimi o`tkazildi.
Ma`lumki, 2021 yilning 2 aprel kuni O`zEOAVMAga a`zo teleradiokanallar tomonidan “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” media-dasturi qabul qilingan, undan yosh jurnalistlarni qo`llab-quvvatlash, xususan, yoshlar studiyalarini tashkil etish bo`yicha maxsus loyihalar ham o`rin olgandi.
Joriy yilning may oyida o`tkazilgan “Yangi O`zbekiston – yosh jurnalistlar nigohida” media-haftaligi doirasida talabalar va yosh ijodkorlar orasidan saralangan yuz nafar yigit-qiz “Yoshlar multimedia studiyasi”ga jalb qilindi. Ayni paytda ular malakali ustozlar ko`magida kasb sirlarini chuqur o`rganish barobarida, turli mavzularda media-mahsulotlar tayyorlashmoqda.
Mazkur tadbirda keyingi yillarda yurtimizda yoshlarni har taraflama qo`llab-quvvatlashga e`tibor yanada kuchaygani, ularning bugungi milliy media maydonidagi o`rni va ahamiyati ortib borayotgani, yosh jurnalist va blogerlarning oldida turgan muhim vazifalar xususida ham so`z yuritildi.
Tadbir nihoyasida O`zEOAVMA bosh direktori J.Safoev, “Mening yurtim” telekanali bosh direktori Nozim Qodirov milliy medianing eng faol, yosh vakillariga qimmatbaho sovg`alar va tashakkurnomalarni topshirdilar.






