Yurtimizdagi epidemiologik vaziyat va kasallanish holatlari bo`yicha SSV Matbuot xizmati Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar HUSANOVGA murojaat qildi.
— Shifoxonada homilador ayol va bolalar uchun nechta o`rin tashkil qilingan va hozirda qancha homilador ayol va bolalar davolanmoqda?
— Bugungi kunda koronavirus infeksiyasining mutasiyalarga uchrashi va uning ko`plab shtammlari aniqlanayotgani pandemik vaziyatni yanada chigallashtirmoqda. Xususan, kasallikning “britancha” shtammi bolalarda ham ko`p kuzatilib, ayrimlarda esa kasallik og`ir o`tmoqda.
Yurtimizda ham joriy yil boshidan bolalar o`rtasida kasallik qayd etila boshlagach, Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida ular uchun alohida o`rinlar ajratildi. Jumladan, ayni paytda markazda 162 nafar 18 yoshgacha bo`lgan bola davolanmoqda.
Shuningdek, muassasada homilador ayollar uchun 158 o`rinli tug`ruq kompleksi bo`lib, shundan homiladorlar patologiyasi bo`limi 146 ta, reanimasiya bo`limi 12 ta o`ringa mo`ljallangan. Shu bilan birga, 30 o`rin chaqaloqlar va 6 o`rin reanimasiya bo`limiga ajratilgan. Hozirgi kunda markazda 138 nafar homilador ayol va 15 nafar chaqaloq davolanmoqda.






