1

Toshkentda YPX inspektori 17 yoshli Matiz haydovchisini nima uchun ta`qib qilgani ma`lum bo`ldi

Jamiyat 29.06.2021, 21:55
Toshkentda YPX inspektori 17 yoshli Matiz haydovchisini nima uchun ta`qib qilgani ma`lum bo`ldi

Internet tarmog`ida Toshkent shahar IIBB xizmat avtomobili huqubuzarni ta`qib qilayotgani aks etgan video tarqamoqda. Video muallifi esa inspektorning xizmat vazifalarini ado etishini noqonuniy hisoblab, unga to`sqinlik qilgan. Mazkur holat bo`yicha Toshkent shahar IIB ma`lumot berdi.

Unga ko`ra, 29 iyun kuni taxminan soat 2:30 da Olmazor tumanidagi Kichik xalqa avtomobil yo`lida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektori kichik serjant E. Rasulov xizmat olib borishi davomida “Matiz” rusumli avtomobilning (davlat raqami 90 N 480 FA) harakatlari uning e`tiborini tortdi. Inspektor jezl va hushtak orqali haydovchiga to`xtash ishorasini ko`rsatgan. Ammo haydovchi inspektorning qonuniy talabiga bo`ysunmasdan, harakatni davom ettirgan va bu bilan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 194-moddasida (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) qayd etilgan huquqbuzarlikni sodir etgan.

Shu sababli, Toshkent shahar IIBB xodimi o`ziga biriktirilgan xizmat avtomobilida yuqoridagi avtomobilni ta`qib qila boshlagan.

Harakatlanish davomida “Matiz” avtomobili boshqaruvni yo`qotib “Cobalt” avtomobiliga (davlat raqami 01 E 455 LB) to`qnashgan va qonun talablarini buzgan holda voqea joyini tark etgan. Bu bilan u O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan. Mazkur YTHda hech kim jabrlanmadi. Lekin bu bilan huquqbuzarliklar tugamadi: “Matiz” haydovchisi javobgarlikdan qochish maqsadida qarama-qarshi harakat yo`liga chiqib atrofdagi transport vositalari uchun xavf tug`dirgan va O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 128-5-moddasini (“Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo`lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo`ljallangan tomoniga yoki bo`lagiga chiqishi”) buzgan.

Ko`rilgan choralar natijasida “Matiz” avtomobili to`xtatilgan. Uni boshqargan 2004 yilda tug`ilgan Zoyir A.ning haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlari yo`qligi aniqlangan. Hozirda mazkur holat bo`yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi.

So`z yakunida jamoatchilikdan video muallifiga e`tibor qaratishini so`rardik. U katta tezlikda xizmat avtomobilini ta`qib qila boshlagan va harakat davomida mobil telefondan foydalangan. Voqea so`ngida muallif yo`lda xavfli vaziyatlar tug`dirgan. So`ng u avtomobilini yo`lning qatnov qismida to`xtatib, piyoda sifatida IIBB xodimi xizmat faoliyatiga xalaqit qilgan. Muallifning videodagi e`tirozlariga sabab uning huquqiy savodsizligidir. Shu tarzda u internet tarmog`ida navbatdagi “janjal” chiqarmoqchi bo`lgan. Umid qilamizki, kelajakda u qonunchilikka birinchi navbatda o`zi amal qilishi zarurligini tushunib etadi. Toshkent shahar IIBB xodimlari video muallifining xatti-harakatlariga huquqiy baho beradi. Tekshiruv yakuni bo`yicha unga nisbatan qonuniy choralar ko`riladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1