Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi g`alladan bo`shagan er maydonlarining yoqib yuborilganligi haqidagi tarqalgan videomurojaat yuzasidan Davlat ekologiya qo`mitasi rasmiy munosabat bilan chiqdi.
Aniqlanishicha, Toshkent viloyatining Chinoz tumani Oxunboboev hududidagi "M-39" avtomobil magistral yo`li yoqasida joylashgan "Agrokimyo" fermer ho`jaligi hududiga qarashli g`alladan bo`shagan 2 gektar dala maydonidagi somon poyalari yoqib yuborilgan.
Somonlarning yonishi jarayonida atmosferaga tashlanagan zararli moddalar bo`yicha tabiatga etkazilgan zararning umumiy miqdori 3,6 mln so`mni tashkil etdi.
Shu bilan birga, fermer ho`jaligi rahbariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 88-moddasi 3-qismiga asosan 5 barobari (1,225 mln so`m) miqdorida ma`muriy ish qo`zg`atildi.
"Fursatdan foydalanib, barcha fermer ho`jaliklari rahbarlarini hosili o`rib olingan dala maydonlaridagi o`simlik qoldiqlarini yoqish bo`yicha qonunchilikda qat`iy choralar belgilanganligi haqida ogohlantiramiz!",– deyiladi qo`mita axborotida.