Kuni kecha “O`zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu bilan O`zbekistonda sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo`ljallangan konsepsiyasi hamda konsepsiya bo`yicha 2021–2023 yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
Farmonga ko`ra, Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi tuzilmasida Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Institut sud ekspertizasi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi.
2021 yil 1 sentyabrdan:
- davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo`yicha tadqiqot o`tkazish huquqi beriladi;
- iqtisodiy, fuqarolik va ma`muriy ish yuritishda advokatga sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat so`roviga ko`ra ekspertiza o`tkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi;
- nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har 3 yilda bir marotaba attestasiyadan o`tkazish mexanizmi joriy qilinadi.
- 2022 yil 1 martdan aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir ma`lumotlarni etkazish va axborot hamkorligining barcha turlarini ta`minlash uchun mo`ljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.
Shuningdek, sohada kadrlarni tayyorlash OTMlarida dual ta`lim prinsipiga muvofiq, kamida 6 oylik ekspertlar tayyorlash kurslarida amalga oshirilishi mumkin.
Farmon bilan 2021–2025 yillarda joriy etiladigan (16 ta) ekspertiza va tadqiqot turlari ro`yxati tasdiqlandi.






