Uzumni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishning to`liq siklini yaratish maqsadida Forish – 900 gektar, Oltinsoy – 330 gektar, Ishtixon – 310 gektar va Yangiobod tumanida – 210 gektar sanoatbop uzum etishtirish bo`yicha dastlabki 4 ta yirik klaster tashkil etiladi.
“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning ayni paytda bo`lib o`tayotgan videoselektor yig`ilishidan ma`lum qilishicha:
- ushbu klasterlarga uzumni qayta ishlash uskunalarini sotib olish xarajatlarining 20 foizini Vinochilik agentligi qoplab beradi;
- mayiz quritish va qadoqlash liniyalarini barpo etish xarajatlarining 20 foizigacha subsidiya ajratiladi;
- tabiiy vinolarga nisbatan aksiz solig`i bekor qilinadi;
- etishtirilgan hosilning 30 foizi eksport qilinsa, daromad va mulk soliqlari 30 foizga, eksport 30 foizdan oshsa, 2 baravarga kamaytiriladi;
- eksport qilingan har bir litr tabiiy vino uchun 5 ming so`m subsidiya ajratiladi.
Shu bilan birga prezident Shavkat Mirziyoev kelgusi to`rt yilda eksportni xo`raki uzum bo`yicha 600 million dollarga, mayizda – 500 million dollarga va tabiiy vinoda – 100 million dollarga olib chiqish uchun mas`ullar o`zlarining aniq rejalarini belgilab olishlari kerakligini ta`kidladi.






