1

1003 raqamiga qo`ng`iroqlar ko`paymoqda — SSV

Jamiyat 09.07.2021, 20:27
1003 raqamiga qo`ng`iroqlar ko`paymoqda — SSV

Mamlakatimizda “COVID-19” pandemiyasining ilk kunlaridanoq jamoatchilikning kasallik bilan bog`liq savollariga o`z vaqtida javob berish, tibbiy yo`l-yo`riq ko`rsatish tizimi yo`lga qo`yilgan edi. Bir yil avval ishga tushgan qisqa raqamli 1003 Call-markazi hozirda ham tunu kun faoliyat ko`rsatmoqda.

O`tgan yil kasallik avjiga chiqqan vaqtda unda 200 nafardan ortiq professor o`qituvchilar, tajribali shifokorlar uch smenada uzluksiz fuqarolarning murojaatlariga javob bergan bo`lsa, hozirda 25 nafar mutaxassis uch smenada qo`ng`iroqlarni qabul qilmoqda. Ularning orasida tibbiyot fanlari nomzodi va doktorlari, malakali mutaxassislar bo`lib, fuqarolardan tushgan savollarga tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar berishmoqda.  

Ma`lumot uchun, Call-markazga joriy yilning may oyida kuniga o`rtacha 300 ta qo`ng`iroq kelib tushgan bo`lsa, iyun oyida bir kunda o`rtacha 200-400 nafar fuqaro murojaat qilgan.  

Iyul oyiga kelib esa, kunlik murojaatlar soni o`rtacha 1400 tagacha ko`tarilib ketdi. Jumladan, 1-8 iyul kunlari jami 11 120 qo`ng`iroq kelib tushdi, solishtirish uchun: iyun oyining oxirgi 8 kuni davomida 3 737 nafar fuqaro qo`ng`iroq qilgandi.  

Iyun oyida markazda 15 ta mutaxassis qo`ng`iroqlarga javob bergan bo`lsa, iyulda murojaatlar soni oshgani munosabati bilan hozirda ular safiga yana 10 nafar mutaxassis qo`shildi.  

Eng ko`p berilayotgan savollarga e`tibor beradigan bo`lsak, pandemiyaning birinchi kunlariga qaraganda hozirda aholining koronavirus infeksiyasi to`g`risida xabardorligi ancha oshganligi bois savollar mazmuni birmuncha o`zgargan. Bugun virusning qaysi shtammlari yurtimizda qayd etilgan, ular klinikasi bo`yicha bir-biridan qanday farq qiladi, bolalarda ularning belgilari qanday namoyon bo`lmoqda, bir marta kasallangan kishi yana qayta virusni yuqtirishi mumkinmi kabi qator savollar berilmoqda.  

Shuningdek, koronavirusga qarshi emlash bilan bog`liq savollar ham dolzarb bo`lib turibdi. Bunda aholini koronavirusga qarshi emlanish to`g`rimi, vaksinalarning qanday aks ta`sirlari bor, qaysi vaksinani qabul qilgan ma`qul, boshqa davlatga borish uchun emlanish shartmi, o`zimizni qanday himoyalashimiz mumkin kabi qator savollar qiziqtirmoqda. O`z xodimlarini himoyalash maqsadida vaksinasiya qilishni istagan tashkilotlardan “vaksinani qaerdan olsa bo`ladi?” kabi savol ham kelib tushmoqda.  

Bundan tashqari, aksariyat murojaatchilar Toshkent shahar va viloyatlardagi COVID-19 bilan og`rigan bemorlarni qabul qilayotgan shifoxonalarning manzili va  qaysi tibbiyot muassasalarida bo`sh joy mavjudligini ham so`rashmoqda.  

Bir so`z bilan aytganda, Call-markaz fuqarolarni qiynagan savollariga vaqtida javob berish, ularga yo`l-yo`riq ko`rsatish borasida o`z vazifasini bajarib, aholi og`irini engil qilmoqda. 

Eslatib o`tamiz, 1003 yagona qisqa raqamli Call-markaz Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan 2020 yilning 15 mart kuni ishga tushirilgandi. Fuqarolarimiz ushbu raqamga qo`ng`iroq qilib, koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq barcha savollarga malakali mutaxassislardan aniq va asosli javob olishmoqda.  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1