AsosiyJinoyat

Qarz evaziga fohishalik qilishga majburlagan ayolga hukm o`qildi

'Qarz evaziga fohishalik qilishga majburlagan ayolga hukm o`qildi'ning rasmi

Oramizdagi ayrim kimsalar, ayniqsa ayollar engil pul topish ilinjida qo`shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash kabi jirkanch ishni o`zlariga kasb qilib olib, shuning ortidan tirikchilik qilishni, yanada achinarlisi, oila tebratishni o`zlariga ep ko`rishmoqda. Ammo harom topilgan pul bir kun kelib, teshib chiqadi.

Ariza yozishga majbur bo`ldi

Fuqaro Madina To`xtasinova (ism-shariflar o`zgartirilgan) Yashnobod tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, tanishi  Zamira Raximova unga qarzga pul berib, ushbu berilgan qarz pul mablag`larini foxishalik qilish yo`li bilan qaytarib berishga majbur qilayotganini, uni majburlab moddiy manfaat ko`rib kelayotganligini ma`lum qilib, unga nisbatan chora ko`rishlikni so`ragan. Toshkent shahar Yashnobod tumani IIO FMB 6-sonli IIB tomonidan, shu kuniyoq poytaxt kafelaridan birining oldida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro Zafar Axmedov Zamira Rahimovaning oldiga borib, unga “fohishalik bilan shug`ullanuvchi qizlaringiz bormi?” deb so`raydi. Zamira Raximova unga qiz borligini ma`lum qilib, qarzi evaziga fohishalikka majbur qilib kelayotgan Madina To`xtasinovani ko`rsatadi. Jinsiy aloqa qilishi evaziga 150.000 so`m pullarni olayotgan vaqtida, xolislar ishtirokida tezkor guruh tomonidan qo`lga olinadi.

“Ilgari fohishalik bilan shug`ullanganman”

Sud majlisida sudlanuvchi Zamira Rahimova e`lon qilingan aybga qisman iqrorligini bildirib, quyidagilarni ma`lum qildi:

— Madina To`xtasinovani 2019 yilning avgust oyidan buyon taniyman. Madina onasi kasal bo`lib qolganligi sababli dori sotib olish uchun sentyabr oyida mendan 19 million so`m miqdorida qarz oldi. Ushbu olgan pullarini oktyabr oyining oxiriga qadar 23 million so`m qilib qaytardi. Uning ichida ikki million so`mlik televizor ham bor edi. O`zim 2011 yildan buyon Yashnobod tumanidagi Farg`ona yo`li ko`chasidan o`tgan ko`prik yonida fohishalik bilan shug`ullanib kelganman. Yoshim o`tib qolganligi sababli so`nggi paytlarda bu ish bilan shug`ullanmay qo`ydim. Bir kuni kafelardan biri yonida o`tirganimda oldimga keyinchalik ismini bilganim Zafar Axmedov keldi. Men undan “Qiz kerakmi?” deb so`radim. U “Ha, kerak” dedi. “Men to`g`ri kelamanmi?” deb so`ragandim, “Yo`q” dedi. Shundan keyin unga Madina To`xtasinovani ko`rsatdim. Ular o`zaro kelishib, men 150 ming so`m pulni olayotganimda ichki ishlar xodimlari tomonidan qo`lga olindim. 

“Ko`prikdan o`zimni tashladim”

Sud majlisida jabrlanuvchi Madina To`xtasinova quyidagicha ko`rgazma berdi:

— Men rostdan ham Zamira Rahimovadan 19 million so`m miqdorida pul qarz olgandim. Unga qarz olganim haqida tilxat ham yozib berdim. Shundan keyin u menga birga ishlashni, agar hamkorlik qilsak, ko`proq pul topishimiz mumkinligini, qarzimdan tezroq qutulishimni, mijozni o`zi topishini aytdi. Men uning taklifiga rozi bo`lib, birgalikda ishlay boshladik. Shu tarzda asta-asta undan olgan qarzimni uza boshladim. U bir kuni cho`ntagimda turgan pasportimni zo`rlik bilan olib qo`ydi. “Nega bunday qildingiz?” deb so`rasam, “Qachon qarzlaringni to`liq bersang, shunda pasportingni qaytaraman”, dedi. Har kungi tinimsiz jinsiy aloqa va to`xtovsiz Zamira Rahimovaga pul berishdan charchaganim, bu muammolardan qutulish uchun o`zimni osmoqchi bo`ldim. Ammo singlim ko`rib qolib, meni bu yo`ldan qaytardi. Zamira Rahimova tinimsiz pulini qaytarishimni so`rab, do`q-po`pisa qilaverdi, ammo menda qarzimni qaytarish imkoni yo`q edi. U ustimdan ichki ishlar idorasiga shikoyat qilishini, mahalla-ko`y oldida sharmanda qilishini aytdi. Uning bunday “shantaj”laridan keyin qo`rqqanimdan kasal ahvolimda turli erkaklar bilan jinsiy aloqada bo`lishga majbur bo`ldim. Bunday azoblarga chidashga kuchim qolmagani uchun “Qo`yliq” bozorida joylashgan ko`prik ustidan sakrab, o`z jonimga qasd qilmoqchi bo`ldim. Biroq sakrayotganimda o`ng oyog`im ochiq oraliqqa qisilib qolib, pastga tushmay, osilib qoldim. Odamlar meni qutqarib olishdi. Tibbiyot xodimlari birinchi yordam ko`rsatishdi, so`ng Yashnobod tumani IIO FMB 6-sonli IIBga olib kelindim. Men bo`lib o`tgan voqealarni IIB xodimlariga gapirib berdim, Zamira Rahimovaga qonuniy chora ko`rishni so`rab, ariza yozdim. Shundan keyin Zamira Rahimovani qo`lga olish rejasi tuzilib, u jinoyat ustida ushlandi.

Hukm  o`qildi

Sudlanuvchi Zamira Rahimova Jinoyat kodeksi 135-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Anvar Ikromov, Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi, 

Lola Shoimova jurnalist.

    Boshqa yangiliklar