Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi 15-16 iyul kunlari Toshkentda bo`lib o`tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o`zaro bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya haqida maqola e`lon qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Nashrning ta`kidlashicha, tadbirda yuqori va oliy darajalardagi mehmonlar, jumladan Pokiston Bosh vaziri Imron Xon va Afg`oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G`ani ishtirok etadi. Bundan tashqari, forumda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, yirik xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliya institutlari va kompaniyalari, etakchi ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari vakillari qatnashadi.
Maqolada konferensiyaning asosiy maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o`rtasidagi tarixiy yaqin va do`stona aloqalar, ikki mintaqa xalqlari va mamlakatlari manfaatlari yo`lidagi ishonch va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgani qayd etilgan.
Nashr ushbu konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari, barqarorlik va xavfsizlikni ta`minlash masalalarini muhokama qilishga imkoniyat yaratishini ta`kidlagan.
Bundan tashqari, kun tartibiga sarmoyalar, energetika va innovasiyalar, yashil texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, aniq loyihalar va hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, turizm, ta`lim, sog`liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalarda o`zaro aloqalarni kengaytirish, ikki mintaqaning barqarorligi va xavfsizligini ta`minlash bo`yicha fikr almashish va birgalikda takliflar ishlab chiqish kiritilgan.