AsosiyJamiyat

Senat “Oyoqyalang sudrashdi. Qonunni oyoqosti qilishdi” qabilidagi xabarlarga munosabat bildirdi

'Senat “Oyoqyalang sudrashdi. Qonunni oyoqosti qilishdi” qabilidagi  xabarlarga munosabat bildirdi'ning rasmi

Internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda “Oyoqyalang sudrashdi. Qonunni oyoqosti qilishdi” – urganchlik ayol Senat Raisi va Bosh prokurordan ko`mak kutmoqda” sarlavhasi bilan e`lon qilingan  xabarlarga qarata O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati quyidagicha munosabat bildirdi.

Xabaralarda 2021 yil 19 iyun kuni Urganch tumanida IIB xodimlari va boshqa idoralarning vakillari hokimning topshirig`iga ko`ra, fuqaroning omborida saqlanayotgan 30 tonna bug`doyni majburan tortib olgani, fuqaroning mulkiga tajovuz qilishgani, huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish o`rniga uni xo`rlashgani, soatlab asossiz ushlab turishgani va bosim o`tkazishgani aytilgan.

Bu borada O`zbekiston Respublikasi Urganch tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani ma`lum qilingan.

Oradan shuncha vaqt o`tgan bo`lsa-da, amalda hech qanday o`zgarish bo`lmayotgani, bo`lgan bosimlardan so`ng, fuqaroning turmush o`rtog`i I.R. insult bo`lib qolgani bildirilgan.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi mazkur holat bo`yicha prokuratura organlari tomonidan o`rganish natijalari bo`yicha ma`lumotlarni keng ommaga e`lon qilishni so`ragan.

Shuningdek, fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tegishli tartibda murojaat qilindi.

O`z navbatida, Qo`mita qonun buzilishi holatining har qanday ko`rinishiga murosasiz ekanligini bildirdi.

Boshqa yangiliklar