Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DBQning Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda Ohangaron tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.R. boshqaruvidagi “EPICA” rusumli avtotransport vositasi ko`zdan kechirilganda, ushbu avtomashinaning yuk xonasida hech qanday hujjatlari bo`lmagan 13 092 dona “Regapen”, 15 078 dona “Perge” va 394 dona “Tropikamid” nomli umumiy qiymati 265,7 mln so`mlik kuchli ta`sir etuvchi dori vositalari mavjudligi aniqlanib ashyoviy dalil sifatida olingan. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli ta`sir qiluvchi moddalar mavjud bo`lgan dori vositalarini resept bo`yicha chakana realizasiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






