Ijtimoiy tarmoqlarida Qashqadaryoda fuqarolar MIB xodimlarining ustiga benzin sepib, yoqib yubormoqchi bo`lgani aks etgan videotasvir tarqaldi. Mazkur holat Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o`rganildi.
Aniqlanishicha, Fuqarolik ishlari bo`yicha Chiroqchi tumanlararo sudining 2019 yil 20 sentyabrdagi ijro varaqasiga asosan N.M.ga tegishli bo`lgan Yakkabog` shahri, “Jambul” MFY, Jambul ko`chasi 57-uyning er maydonida fuqaro N.U tomonidan o`zboshimchalik bilan qurilgan 6 xonadan iborat imoratlarning U.N hayotligi davrida qurilgan 59.01 kv. metr er maydonidagi qismidan tashqari qismi majburiy tartibda buzdirish belgilangan. Ushbu ijro hujjati Byuroning Yakkabog` tuman bo`lim ish yurituviga 2020 yil 22 oktyabrda kelib tushgan va ijro ishi yuritishni qo`zg`atish to`g`risida qaror qabul qilingan.
Mazkur ijro varaqasiga asosan, ijro ishi yuritish qo`zg`atilgan kundan e`tiboran fuqaro N.U.ga ko`pi bilan o`n besh kunlik ixtiyoriy muddat berilgan bo`lsada, u sud qarori ijrosini ta`minlashdan bo`yin tovlab kelgan.
Shu bilan birga, davlat ijrochisi tomonidan fuqaro N.U va uning oila a`zolariga mazkur sud qarori ijrosini ixtiyoriy ravishda bajarishligi yuzasidan bir necha marotaba yozma va og`zaki ogohlantirish xatlari berilgan.
Biroq, fuqaro N.U tomonidan sud qarori ijrosi ixtiyoriy bajarilmaganligi sababli imoratni majburiy tartibda buzdirish yuzasidan 11.11.2020 yil, 30.11.2020 yil, 16.12.2020 yil, 03.02.2021 yil, 17.02.2021 yil, 29.03.2021 yil, 13.04.2021 yil, 24.04.2021 yil, 29.04.2021 yil, 01.05.2021 yil va 19.05.2021 yillarda majburiy ijro harakatlari tayinlangan.
Tayinlangan majburiy ijro harakatlarida ishtirok etishi lozim bo`lgan tegishli (tuman IIB va TTYo) tashkilotlardan vakillar ishtirok etmaganligi sababli, Qonunning 33-moddasiga asosan majburiy ijro harakatlari keyinga qoldirilgan.
Shuningdek, imoratni majburiy tartibda buzdirish yuzasidan qayta Yakkabog` tumani, “Jambul” MFY, Jambul ko`chasi 57-uyga davlat ijrochilari va majburiy ijro harakatida ishtirok etishi lozim bo`lgan tegishli (tuman IIB, TTYo va boshqalar) tashkilotlarning vakillari bilan joriy yilning 09 iyul kuni borilganda, fuqaro N.U, uning turmush o`rtog`i M.R, o`g`li M.T hamda yaqin qarindoshlari J.T va A.T.lar sud qarori ijrosini ta`minlanishiga faol qarshilik ko`rsatib, maxsus tayyorlab qo`yilgan 2 dona 1 litr hajmli elim idishlarga solingan avtotransport vositasining (benzin) yoqilg`isini davlat ijrochilari va IIB xodimlarining xizmat kiyimlariga (ustiga) sepib yoqib yuborishga o`rinib, davlat organi xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko`ra, fuqaro N.U va boshqalarning xati-harakatlariga nisbatan qonuniy baho berish uchun to`plangan hujjatlar 12.07.2021 yilda tuman prokuraturasiga yuborildi.






