AsosiyJamiyat

"O`zgidromet" Namanganda sel kelishining sababini ma`lum qildi

'"O`zgidromet" Namanganda sel kelishining sababini ma`lum qildi'ning rasmi

"O`zgidromet" 2021 yil 13 iyul kuni Qirg`iziston Respublikasining shimoli-g`arbiy qismi va Qozog`iston janubidan atmosfera sovuq fronti o`tganligini ma`lum qildi. O`sha kunning ikkinchi yarmida front o`tishi ortidan, Farg`ona vodiysi tog` havzalarida kuchli yomg`irli to`p-to`p bulutlar rivojlangan. 

Qayd etilishicha, Qirg`iziston Respublikasi Jalolobod viloyati Oqsuv va Olabuqa tumanlarida mahalliy vaqt 12:35 va 13:25 oralig`ida kuchli jala yomg`ilar yog`ib o`tdi. Kuchli jala yomg`irlar Jalolobod viloyati Oqsuv tumani va Namangan viloyati Kosonsoy tuumanidan oqib o`tuvchi Kosonsoy soyida sel oqimini hosil qildi.

Namangan viloyati Kosonsoy tumani ayrim hududlarida qisqa muddatli jala yomg`irlari va do`l hodisasi kuzatildi. O`rtacha hisobda do`l diametri 1 sm ni tashkil etdi.

Kosonsoy tumani tog` oldi hudud hisoblanib, georafik joylashganligiga ko`ra, sel-toshqinlari hosil bo`lishiga moyil hudud sanaladi. 2021 yil 13 iyul kuni qo`shni Qirg`iziston Respublikasi hududlarida kuzatilgan kuchli jala yomg`irlar hisobiga shakllangan Kosonsoy soyidagi sel hodisalari oldinlari tumanning boshqa soylarida ham tez-tez takrorlangan.

2021 yil 13 iyul kuni Kosonsoy soyidan maksimal 60 m³/s miqdordagi sel-suv toshqini o`tgan. Bu Kosonsoy soyi uchun maksimal miqdor emas. Kosonsoy soyida sel hodisalari 1878 yildan boshlab ro`yxatga olib kelinadi. Soyda sel hodisalari asosan, aprel-iyul oylarida hosil bo`ladi. Kosonsoy soyida tez-tez sel hodisalari kuzatilgan bo`lib, 1964 yil 27-28 iyulda 278 m³/s, 1988 yil 1 mayda 200 m³/s, 1992 yil 25 mayda 250 m³/s miqdorida sel kelgan.

O`zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan ta`kidlanishicha, 2021 yil 14-17 iyul kunlari Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlarining tog` oldi va tog`li hududlarida sel xavfi mavjud.

    Boshqa yangiliklar