MasterCard va CrescentRating tashkilotlari tomonidan har yili e`lon qilinadigan "Jahon Musulmon Sayohati Indeksi" xalqaro reytingida O`zbekiston olti pog`ona yuqorilab 16-o`rinni egalladi hamda eng jadal ko`tarilgan mamlakat sifatida alohida e`tirof etildi. Bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita Axborot xizmati xabar berdi.
O`zbekistonning bu yilgi hisobotda jadal ko`tarilishiga mamlakatimizning Islom dini bilan bog`liq boy merosini o`rganish va xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan qator loyihalari asosiy sabab ekanligi ko`rsatildi.
O`zbekistonda 2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan xalqimizning islom dini bilan bog`liq noyob merosini ilmiy asosda o`rganish, ma`rifatli islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berishga qaratilgan qator "mega loyihalar"ga asos solingan.
Poytaxtda barpo etilayotgan O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi ana shunday loyihalardan hisoblanib, mamlakatimizning islom dini bilan bog`liq noyob moddiy va ma`naviy merosini keng targ`ib qilish orqali mamlakatimizda ziyorat turizmining yanada rivojlanishiga katta xissa qo`shadi.
Ma`lumot o`rnida, O`zbekiston ushbu reytingda 2018 yilda 32-o`rin, 2019 yilda 22-o`rinni egallagan edi.






