1

O`zbekiston xalq o`qituvchisi vafot etdi

Jamiyat 15.07.2021, 13:20
O`zbekiston xalq o`qituvchisi vafot etdi

Mamlakatimizda xalq ta`limi va o`rta maxsus ta`lim tizimi rivojiga munosib hissa qo`shgan mohir pedagog, fidoyi va tashkilotchi rahbar To`xtamurod Jumaev shu yil 14 iyul kuni 76 yoshida vafot etdi.

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri A.Toshqulov va Xalq ta`limi vaziri Sh.Shermatovlar o`z ta`ziyalarini bildirishdi:

"Bu inson 55 yillik sharafli pedagogik faoliyati davomida o`z sohasi bo`yicha salmoqli yutuqlarga erishdi. 1967 yili Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ni tamomladi. Mehnat faoliyatini 1961 yilda maktabda yoshlar etakchisi sifatida boshlab, bir qancha maktablarda o`qituvchi, direktor o`rinbosari, direktor vazifalarida sidqidildan mehnat qildi.

Ayniqsa, Qorako`l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internati hamda Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-son Qorako`l akademik liseyida rahbarlik qilgan yillarida juda ko`plab xayrli ishlarni amalga oshirdi.

T.Jumaev ta`lim-tarbiya sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish, chekka hududlarda yashayotgan iqtidorli yoshlarga zamonaviy ta`lim berishning “Qorako`l maktabi”ni yaratishga erishdi. Har yili lisey bitiruvchilarining 90-95 foizi turli oliy o`quv yurtlariga o`qishga qabul qilinib, 3 ming 200 nafarga yaqin o`quvchi respublikamiz va xorijdagi nufuzli oliy o`quv yurtlarining talabasiga aylangani ham buning isbotidir.

Shu paytgacha uning 30 nafarga yaqin shogirdlari matematika fani bo`yicha xalqaro olimpiadalarda yuqori o`rinlarni qo`lga kiritib, yurtimizda Beruniy, al-Xorazmiy kabi buyuk allomalarning munosib avlodlari etishib kelayotganini butun dunyoga yana bir bor namoyon qildi.

Ana shunday ulkan natijalari inobatga olinib, ushbu ta`lim maskani Xalqaro matematika maktabiga aylantirildi.

T.Jumaev matematika fanini o`qitishning ilg`or usullarini amaliyotga joriy etish bilan birga, bu yo`nalishda bir nechta o`quv qo`llanmalari ham yaratdi. Bunday izlanishlari uchun u 1999 yilda O`zbekiston matematiklar jamiyati a`zoligiga qabul qilindi.

Butun hayotini yoshlarga ma`rifat ulashishga bag`ishlagan To`xtamurod Jumaev davlatimiz tomonidan “O`zbekiston Respublikasi xalq o`qituvchisi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan ham mukofotlangan edi.

Mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson To`xtamurod Jumaevning yorqin xotirasi o`qituvchi va murabbiylar hamda shogirdlarining qalbida umrbod saqlanib qoladi."

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1