Kecha 15-iyul kuni Ko`ksaroy qarorgohida mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon ishtirokidagi OAV vakillari bilan bo`lib o`tgan brifingda ko`plab sohalar qatorida madaniy aloqalarga ham to`xtalib o`tildi, deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
“Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi aks etgan videofilm suratga olishga kelishib oldik”, deya davlatimiz rahbari bu xabarni mamnuniyat bilan ma`lum qildi.
Pokiston bosh vaziri Imron Xon ham o`z nutqi davomida bu yangilikni tasdiqlab, ushbu filmni yaratishda hamkorlikka tayyor ekanligini ma`lum qildi.
“Biz uchun qiziqarli va hayajonli mavzulardan biri – bu madaniy aloqalar bo`lib, unda biz muhim bir masalaga ham to`xtaldik. U ham bo`lsa, buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur haqida birgalikda film yaratish mavzusi edi. Boburiylar sulolasi Hindistonda 300 yildan ortiq hukm surgan bo`lsa, o`sha davrlar mobaynida Hindiston iqtisodiyoti shu darajaga ko`tarilganki, jahon yalpi ichki mahsulotining 25 foizi Hindiston ulushiga to`g`ri kelgan. Va albatta, bu tarix to`g`risida pokistonlik, o`zbekistonlik yoshlar xabardor bo`lishlari kerak. Shuning uchun bu filmning yaratilishiga katta qiziqish bildirmoqdamiz”, - dedi Imron Xon.






