Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga Buxoro viloyati, Peshku tumanidagi “Neftgazqurilishta`mir” AJ ishchi-xodimlari tomonidan oylik maoshlarini berilmayotgani bo`yicha murojaat kelib tushgan.
Ombudsman axborot xizmati ma`lum qilishicha, murojaatda 20 nafardan ortiq xodimlarga ish beruvchi va bosh hisobchining mas`uliyatsizligi sabab, 3 oydan buyon ish haqlari to`lanmagani yozilgan.
Mehnat Kodeksining 161 moddasiga ko`ra, mehnatga haq to`lash muddatlari har yarim oyda bir martadan kam bo`lishi mumkin emas. Qoida tariqasida har oyning 15 sanasida avans to`lovi, keyingi oyning 5 sanasigacha oylik maosh berilishi kerak.
Murojaat o`rganilganda “Neftgazqurilishta`mir” AJning 1-son “Qurilish montaj boshqarmasi” unitar korxonasi xisob raqamida pul mablag`lari bo`lmaganligi, bajargan ishlari buyurtmachi tomonidan vaqtinchalik kechikkanligi sababli 20 nafar ishchi va xizmatchilarning noyabr, dekabr, va yanvar oylarida jami 130 mln so`mga yaqin qarzdorlik vujudga kelganligi aniqlangan.
Mazkur holat Ombudsman tomonidan nazoratiga olinib, tegishli idoralar orqali ishchilarga uch oylik maoshlari va unga tenglashtirilgan to`lovlar undirilishiga erishilgan.