Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati bu haqda xabar qildi.
Ma`lum bo`lishicha, spirtli ichimlikka ruju qo`ygan "Bo`ston" mahallasida yashovchi yigit shirakayf bo`lib olib, o`zgalarning tinchligi va oromini buzib, fuqarolarga turli xildagi tan jarohati etkazgan.
2021 yil 6 aprel kuni tungi soat 23-00lar chamasida Farrux jamoat joyi hisoblangan Sho`rchi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug`ruq bo`limiga mast holatda kelib, ushbu bo`limga murojaat qilgan bemorlarning tinchligini buzadi.
Spirtli ichimlik ta`sirida harakatlarini boshqara olmagan Farrux tug`ruq bo`limida xizmat olib borayotgan navbatchi shifokor Denov tumani «Bog`i eram» mahallasida yashovchi Sherzod bilan janjallashadi. Janjal vaqtida shifokorni do`pposlaydi va unga engil tan jarohati etkazadi.
Bu qilmishidan zarracha uyalmagan, xulosa chiqarmagan Farrux 11 aprel kuni kechki soat 21-00larda "Navro`z" mahallasi hududidagi “Oqshom sity” xususiy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish joyida ham "hunari"ni davom ettiradi. U oshxonaga kelgan mijozlarning ko`z oldida belgilangan tartib qoidalarga amal qilmasdan, shu erda ishchi bo`lgan Ahmad bilan tortishadi va uni urib engil tan jarohati etkazadi.
27 aprel kuni soat 22-45 larda omma ko`p to`planadigan, jamoat joylaridan biri hisoblangan "Ideal" nomli restoran hududida, ushbu restoranda mijozlarga xizmat ko`rsatuvchi xodim Sho`rchi tumani "Do`stlik" mahallasida yashovchi Asliddinni qo`li bilan boshiga bir necha marotaba urib do`pposlagan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan 2021 yil 1 may kunida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
2021 yil 19 iyul kunida Farruxning takror va takror bezorilik qilgani, qilmishlaridan xulosa chiqarmagani bois unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblov e`lon qilinib, unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi tegishli sudlov organiga yuborilgan.






