Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi bu haqda xabar berdi.
Ma`lum bo`lishcha, joriy yil 31 iyul kuni soat 01:45 larda,1983 yilda tug`ilgan haydovchi E.U. "YUTONG" rusumli avtobusda "Buxoro-Toshkent" yo`nalishida harakatlanayotib yo`lni kesib o`tayotgan velosipedchini urib yubormaslik maqsadida rulni o`ng tomonga burgan va boshqaruvni yo`qotishi oqibatida avtobus ag`darilgan.
Natijada, avtobus salonida bo`lgan, 24 yoshli J.N. shifoxonada va 40-45 yoshlar atrofida bo`lgan (shaxsiga aniqlik kiritilmoqda) yo`lovchi shifoxonaga olib borilayotganda, yo`lda vafot etgan. Shuningdek, yo`lovchilar, 48 yoshli B.S., 29 yoshli A.A., 22 yoshli G.S., 48 yoshli M.B. va 35 yoshli D.A.lar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shu o`rinda YHXB barcha haydovchilardan qoidalarga rioya qilishlarini, tungi vaqtda harakatlanganda o`ta ehtiyotkor bo`lishlarini so`ramoqda.