“Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag`batlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–5205-son, 30.07.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab 2022 yil 1 sentyabrga qadar “labor-migration” dasturiy majmuasida ro`yxatdan o`tgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga o`qigan va tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
- Xorijiy tillar yoki kasb bo`yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog`liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda (735 ming so`m);
- yo`l chiptasini xarid qilish bilan bog`liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda (490 ming so`m);
- rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog`liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1 mln 225 ming so`mgacha) kompensasiya to`lanadi.
Bunda:
- mehnat migrasiyasiga ketayotgan fuqaro “labor-migration” dasturiy majmuasi orqali masofaviy tarzda yoki bevosita Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Bandlikka ko`maklashish markazlariga ariza bilan murojaat qiladi;
- ariza Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan 1 ish kuni ichida ko`rib chiqiladi.
2021 yil 1 sentyabrgacha:
▪️ “labor-migration” dasturiy majmuasida mehnat migrasiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensasiyalarni olish imkonini beruvchi alohida sahifa tashkil qilinadi.
2021 yil 1 avgustdan transport kompaniyalarining (zaruratga qarab, tez tibbiy yordamning ko`chma brigadalarining) mehnat migrasiyasida bo`lgan davrida jarohat olgan, baxtsiz hodisaga duch kelgan, o`tkir yoki og`ir kasalga chalingan fuqarolarni, shu jumladan ularning voyaga etmagan farzandlarini O`zbekistonga olib kelish bilan bog`liq xarajatlari, shuningdek, ushbu fuqarolarni tibbiyot xodimi kuzatuvi ostida qaytarishda tibbiyot xodimining xizmat safari xarajatlari qoplab beriladi.
2021 yilda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasiga 52 milliard so`m miqdoridagi mablag` ajratiladi.