2021 yil 30 iyul kuni Samarqand viloyati IIB avfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan Tayloq tumani markazida o`tkazilgan tezkor tadbirda, 1990 yilda tug`ilgan, Samarqand shahar «Imom Vose» mahallasida yashovchi X.D. chet davlatga ketishi va aviachipta olishi uchun kerak bo`ladigan "COVID 19" virusi mavjud emasligi to`g`risidagi test tahlilini soxtalashtirgan holda 180.000 so`mga sotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlanadi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB xabar qildi.
Ma`lum bo`lishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borish jarayonida fuqaro X.D. ning ukasi holatni rasmiylashtirmaslik va ishni ijobiy tomonga hal qilib berish evaziga tezkor xodimga 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qiladi.
Xodim IIO xodimiga pul taklif qilish, O`zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, javobgarlikka tortilishiga sabab bo`lishi to`g`risida ogohlantirishiga qaramay, fuqaro keyin kelib uchrashishini aytib chiqib ketgan. Xodim holat yuzasidan Boshqarma boshlig`iga bildirgi bilan murojaat qilgan.
Bildirgiga asosan, 2021 yil 31 iyulʼ kuni IIV O`z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo`yicha bo`limi hamda Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o`tkazilib, fuqaro I.X. tezkor xodimga 5 ming AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
"Mazkur holat bo`yicha Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.", deyiladi xabarda.