AsosiyMadaniyat

O`zbekistonning 32 ta meros ob`ekti Jahon merosi ro`yxatiga taklif qilindi

'O`zbekistonning 32 ta meros ob`ekti Jahon merosi ro`yxatiga taklif qilindi'ning rasmi

O`zbekiston delegasiyasi 16–31 iyul kunlari UNESCO Jahon merosi qo`mitasining 44-sessiyasida ishtirok etdi. Bu haqda O`zEOAVMA xabar berdi. 

Ma`lum bo`lishicha, 16–31 iyul kunlari Jahon merosi qo`mitasining kengaytirilgan 44-sessiyasi bo`lib o`tgan va unda bosh vazir o`rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etgan. Tadbir Xitoyning Fuchjou shahrida «gibrid» rejimda bo`lib o`tgan.

Unda aytilishicha, O`zbekistonning Jahon merosi ro`yxatiga kiritish uchun taklif qilgan ob`ektlari bo`yicha yangilangan ro`yxat tasdiqlangan. Dastlabki ro`yxat respublika bo`ylab joylashgan 32 ta madaniy, tabiiy va madaniy-tabiiy meros ob`ektini o`z ichiga olgan, bu mintaqaning boshqa davlatlariga nisbatan eng yuqori ko`rsatkich hisoblanadi.

Qayd etilishicha, delegasiya Butunjahon madaniy merosi ob`ektlari hisoblangan «Shahrisabzning tarixiy markazi», «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi», «Buxoroning tarixiy markazi» va Xivadagi Ichan qal`a, shuningdek, O`zbekiston, Qozog`iston va Qirg`iziston ishtirokidagi ko`p millatli tabiiy meros ob`ekti «G`arbiy Tyan-Shan» bo`yicha O`zbekiston uchun ijobiy qarorlar qabul qilinishini ta`minlagan.  

Ta`kidlanishicha, UNESCO 2020 yilning aksar qismi qat`iy karantin cheklovlari sharoitida o`tgani sababli O`zbekiston vazifalarni amalga oshirishi uchun vaqt talab etishini hisobga olib, «Shahrisabz tarixiy markazi» ob`ektini tiklash ishlari ijrosi muddatini yana bir yilga uzaytirgan.

Eslatib o`tamiz, avvalroq Buxorodagi tarixiy obidalar Islom olami merosi ro`yxatiga kiritilgani xabar qilingandi. Shuningdek, Qoraqalpog`istonning tarixiy yodgorliklarini UNESCO ro`yxatiga kiritish uchun tadqiqot boshlangani va Fransiyadagi muzeyda O`zbekistonning madaniy merosiga bag`ishlangan ko`rgazma o`tkazilishi ma`lum qilingan.

Boshqa yangiliklar