AsosiyJamiyat

Shifokorni do`pposlagan namanganlik aka-uka qamoqqa olindi

'Shifokorni do`pposlagan namanganlik aka-uka qamoqqa olindi'ning rasmi

Xabaringiz bor, kecha ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikada fuqaro shifokorni ayamasdan do`pposlayotgani aks etgan video tarqalgani, Cog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan o`rganishlar olib borayotgani haqida ma`lumot bergan edik. Ayni paytda SSV Axborot xizmatining xabar qilishicha, shifokorga og`ir tan jarohati etkazgan namanganlik mushtumzo`r aka-uka ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Hodisani o`rganish jarayonida aniqlanishicha, joriy yilning 28 iyul kuni soat 02:30da Namangan shahar “Objuvoz” mahallasi Tafakkur ko`chasi 41-uyda yashovchi 1999 yilda tug`ilgan fuqaro F.J. va uning akasi 1996 yilda tug`ilgan fuqaro F.B. Namangan shahar “Yangiqurilish” mahallasida joylashgan 10-son oilaviy poliklinikaga tana haroratining ko`tarilishi shikoyati bilan murojaat qiladi.

Shu kuni poliklinikada o`z navbatchiligini o`tayotgan 1994 yilda tug`ilgan shifokor U.A. fuqarolar – F.J. va F.B.ni tibbiy ko`rikdan o`tkazib, ularga tana harorati me`yorda ekani va koronavirus infeksiyasiga PZR test topshirishi kerakligini aytganida bu tashxisdan norozi bo`lgan aka-uka shifokor U.A.ni  ayovsiz do`pposlaydi va unga jiddiy tan jarohati etkazadi.

Shundan so`ng shifokor U.A. olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTTYoIM) Namangan filialiga murojaat qilgan.

Tibbiy tekshiruv davomida shifokor U.A.ga bosh miyaning   yopiq shikasti, bosh miyaning kuchli  chayqalishi, o`ng qo`l tirsak sohasini jiddiy zararlanishi, peshona, o`ng chakka va o`ng yuz yuqori qovoq sohasi kuchli qontalash tashxisi qo`yilgan.

Hozirda tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan fuqarolar –  F.J. va F.B.larga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, mazkur holat yuzasidan mushtumzo`r aka-ukaga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

 

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar