Xabaringiz bor 1-avgust kuni soat 10:40 larda Zomin tumani “Duoba” QFY O`riklisoy qishlog`i dala maydonida yong`in sodir bo`lgan edi.
FVV ijtimoiy tarmog`ida rasmiy munosabat bildirib, yong`inni o`chirish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Chegara qo`shinlari, Davlat o`rmon xo`jaligi qo`mitasi, 14ta yong`in o`chirish ekipaji va 1ta yong`in qutqaruv otryadi, 4ta vertolyot jalb etilgani 4 ta yong`in-qutqaruv bo`linmasi, 24 nafar shaxsiy tarkib va boshqa tashkilotlarning kuch va vositalari jalb etilgani ma`lum qildi.
Biroq yong`in kelib chiqish sabablari to`liq oshkor etilmagandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Zomin tog`laridagi o`rmon yong`ini mansabdorning yaqin qarindoshiga tegishli dala hovlida olib borilayotgan qurilishdan chiqqani xaqida ma`lumot tarqaldi.
Xabarda aytilishcha, yong`in Jizzax viloyati hokimining o`g`li yoki Zomin tumani hokimi ukasining nomida bo`lgan dala hovlida olib borilayotgan qurilish (payvandlash ishlari) vaqtida kelib chiqqan.
“Yong`in chiqqan joy qo`riqxona hududi bo`lib, u erda har kim ham qurilish ishlari olib borishga yoki erdan o`zi istaganicha foydalanishga qodir emas. Asosan viloyat yoki tuman kattalariga tegishli obektlar, dam olish maskanlari bor. O`sha kungi yong`in Zomin tumani hokimining ukasiga tegishli dachada (aslida hokimning dala hovlisi, deyilmoqda) payvandlash ishlari olib borilishi vaqtidagi ehtiyosizlik oqibatida kelib chiqqan.
Zamon.uz xabar qanchalik asosli ekanligini bilish maqsadida Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati Akmal Binoqulov bilan bog`langan. Mutaxassis ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar asossiz ekanligi, Zomin ko`riqxona hududida Jizzax viloti hokimining qarindoshlariga tegishli bo`lgan dala xovli mavjud emasligini ma`lum qilgan.
Masala yuzasidan Jizzax prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Muxabbat Urazalieva holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan ish ochilganini va dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini ma`lum qilgan.






