Avval xabar qilganimizdek, "qalampir.uz" jurnalisti Feruza Najmiddinovaning kuni kecha “Tashkent City” hududidagi restoranlar Respublika maxsus komissiyasi qarorini pisand qilmay, soat 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy materiali ortidan uni obro`sizlantirishga qaratilgan videomontaj tayyorlangan. Vakolatli idora va tashkilotlar holatni o`z nazoratiga oldi.
Ayni paytda ushbu holatni keskin muhokama qilayotgan keng jamoatchilik tomonidan QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovani qo`llab-quvvatlashga qaratilgan “Men Feruzaman” fleshmobi boshlandi. Jamiyatda o`z so`zi va mavqeiga ega bo`lgan ayollar #men_Feruzaman xeshtegi bilan video joylab, jurnalistlarga, ayollarga nisbatan tuhmat, ularning sha`nini toptashga bo`lgan urinishlarni qoralmoqda.
Ushbu ommalashib borayotgan fleshmobga Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisining o`rinbosari, Gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha komissiya a`zosi Saida Mirziyoeva ham qo`shildi. U jurnalist ayollarga Feruza bilan bog`liq jirkanch voqea aslo shashtlarini so`ndirmasligini, shantaj, bo`htonlar ularni sindirib qo`yishiga yo`l qo`ymasligini so`ragan.






