Avval xabar qilganimizdek, "qalampir.uz" jurnalisti Feruza Najmiddinovaning “Tashkent City” hududidagi restoranlar Respublika maxsus komissiyasi qarorini pisand qilmay, soat 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy materiali ortidan uni obro`sizlantirishga qaratilgan videomontaj tayyorlanib tarqatilgan. Ushbu holat vakolatli idora va tashkilotlar tamonidan nazoratga olingan edi.
IIV Axborot xizmati rahbari Sh.K.G`iyosovning ma`lum qilishicha, surishtiruv jarayonida Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan ko`p qavatli uylarning biridagi balkonda tasvirlangan odamlar ikki farzandli, rasmiy nikohdagi oila, chet ellik er-xotin ekanligini aniqlangan. Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib, mazkur xonadondan rasmiy ijarada foydalanishgan. Ular tomonidan hech qanday qonun buzilish holatlari aniqlanmagan. Ushbu oilaning shaxsiy hayoti tasvirlangan videolavhani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishiga sababchi bo`lgan fuqaroning harakatlari huquqiy baholangan.
Bayonotda videolavhani yasab, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali jurnalistni obro`sini to`kishga harakat qilgan fuqarolarni aniqlash bo`yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda ekan. Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139 moddasi 3 qismi, “g” bandi hamda 141 prim 2-moddasi 2 qismi, “v” bandi bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Ish yakuni bo`yicha jamoatchilikka to`liq axborot berilishi ma`lum qilindi.






