"UZB", "AAA" kabi seriali avtomobil raqamlari ochiq savdoda, bu raqamlarni istalgan fuqaro xarid qilishi mumkinmi?
Maxsus muxbirimizning xabar berishicha, ushbu savolga AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig`i Olimjon Saidov javob qaytardi:
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, avtomobillar uchun 327 juft davlat raqamlari belgilari olti toifaga ajratilib, auksion orqali sotish yo`lga qo`yildi. Bu orqali davlat raqamlari bilan bog`liq korrupsion omillarga barham berildi. "UZB" yoki "AAA" kabi seriali davlat avtomobil raqamlari biror bir tashkilot yoki muayyan shaxslarga biriktirilmagan. Ushbu davlat raqamlari — ochiq savdoda bo`lgan davlat raqam belgilari hisoblanadi. Masalan, "AAA" seriyali davlat raqamlari 2017 yildan buyon 36 million so`mga sotilyapti, hozirda 50 dona raqam qolgan, bemalol murojaat qilishingiz mumkin. "UZB" seriali raqamlarni ham xuddi shunday tartibda istalgan fuqaro xarid qilishi mumkin.