Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro`yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash masalalari bo`yicha keng jamoatchilik bilan o`tkazilgan muhokama natijalari ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorni imzoladi.
Qaror bilan 2021 yil 15 avgustdan boshlab etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni uy-joy bilan ta`minlashning quyidagi tartibi o`rnatilmoqda:
- o`zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo`lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarga ular 18 yoshga to`lgan yilda ko`p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo`lmagan 1 xonali, voyaga etgan etim bolalar o`rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo`lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda, mazkur toifaga kiruvchi nogironligi bo`lgan bolalarga kvartiralar ko`p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi;
- etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar uchun kvartiralar Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ko`chmas mulkning birlamchi bozoridagi shahar va tumanlarda qurilgan ko`p kvartirali uy-joylardan xarid qilinadi;
- tegishli tuman (shahar)da ko`chmas mulk birlamchi bozorida mazkur bandda nazarda tutilgan mezonlarga mos keladigan kvartiralar mavjud bo`lmaganda, hududiy “Xalqparvar” komissiyalari xulosasiga asosan kvartiralar ko`chmas mulkning ikkilamchi bozoridan tegishli mezonlarga muvofiq holda xarid qilinadi;
- etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni uy-joylar bilan ta`minlash “onlayn-navbat” tizimi asosida amalga oshiriladi, bunda mazkur navbatga o`zgartirish kiritilishiga hamda navbatidan oldin keyingi navbatdagi bolalarga uy-joy ajratilishiga yo`l qo`yilmaydi;
- Xalq ta`limi vazirligi etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarning uy-joy bilan ta`minlanishi holati haqidagi har oyda yangilanadigan ma`lumotlarni o`zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.