Avvalroq, internet ijtimoiy tarmog`ida Jahongir Atajanov Ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlarini haqorat qilgan videomurojaatini joylashtirgan edi va holat yuzasidan poytaxt IIBB munosabat bildirib, holatga tegishli tartibda huquqiy baho berilishini ma`lum qilgan edi.
Undan so`ng, IIBB Axborot xizmati Atajonov ustidan sudga murojaat qilingani haqida xabar bergandi.
Kuni kecha Toshkent shahar sudi Jahongir Atajonov ishi bo`yicha yakuniy qaror chiqardi. Unga ko`ra, 2021 yil 26 iyul kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudida sudya Temurjon Yusupov raisligida J.Atajanovga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik ishi ko`rib chiqilgan.
Sud majlisida huquqbuzar J.Atajanov o`z ko`rsatmasida, “Haqiqatdan ham, 2021 yil 27 iyun kuni Toshkent shahar, Shayxontohur tuman hududida ijtimoiy tarmoq orqali Toshkent shahar IIBB YHXB xodimi Sh.Sayfuddinov va boshqa IIO FMB xodimlarini har xil sha`ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so`zlar bilan haqorat qilganman. Hozirda aybimga to`liq iqrorman, qilgan ishimdan pushaymonman. O`zimga tegishli xulosa qildim”, deya IIO FMB xodimlaridan kechirim so`raganligini ma`lum qilib, suddan engillik berishni so`raydi.
Sud huquqbuzar J.Atajanovning harakatlariga huquqiy baho berib, uning harakatlarida O`zbekiston Respublikasi MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud deb hisoblaydi. Unga nisbatan ma`muriy jazo tayinlashda, ish hujjatlari bilan tanishib, huquqbuzarning ko`rsatmalarini tinglab, uning shaxsini, aybiga iqrorligini va pushaymonligini, o`ziga tegishli xulosa chiqarganligini inobatga olib, uni MJtKning 21-moddasiga asosan javobgarlikdan ozod qilib, ogohlantirish bilan kifoyalanishni lozim topgan.






