Ombudsman axborot xizmati ma`lum qilishicha, hozirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari davomida saylash huquqiga ega bo`lgan mahbus va mahkumlarga ularning Prezident saylovida ishtirok etishi tushuntirilib, saylovga tayyorgarlik jarayonlarida inson huquqlarining to`liq ta`minlanish holatlarini o`rganmoqda.
Belgilangan tartibga ko`ra, saylash huquqiga ega mahkumlar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro`yxatiga kiritiladi.
"Saylovchilarning ro`yxatlari esa mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar asosida uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi va saylovchilar yagona elektron ro`yxatiga kiritiladi. Agarda harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda mahkumning saylash huquqi bo`la turib unda ishtirok etishiga to`sqinlik qilish holatlari bo`yicha murojaatlar kelib tushsa, ular darhol joyiga chiqib o`rganiladi. ", deyiladi xabarda.