Avgust oyida kam ta`minlangan oilalar uchun mahalladan moddiy yordam berilar ekan. Kimga murojaat qilish kerak? Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzaeva AOKA da o`tkazilgan tadbirda mazkur savolga javob berdi.
Unga ko`ra, moddiy yordam va ko`makka muhtoj oilalarning farzandlarini kiyim-bosh to`plamlari, maktab formasi va o`quv qurollari bilan ta`minlash maqsadida joriy yilning avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan, boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga to`lmagan har bir farzandiga, shuningdek, nogironligi bo`lgan 18 yoshga to`lmagan har bir bolaga Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan 500 ming so`m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko`rsatish belgilangan.
Fuqarolar yig`inlari hamda sektorlar tegishli mas`ul tashkilot vakillari bilan birgalikda uyma-uy yurgan holda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning joriy yilning 1 avgustiga kadar 18 yoshga to`lmagan bolalari ro`yxatini shakllantiradi.
Bir martalik moddiy yordam fuqarolar tomonidan qabul qilib olinganda yoki bank plastik kartalariga o`tkazilgandan so`ng fuqarolarning telefon raqamlariga bu haqida xabar yuboriladi.
"Agar oilangiz “Temir daftar”ga kiritilgan va ma`lum toifaga mansub bo`lsa, oiladagi bolalar sonidan kelib chiqqan holda sizga tegishli moddiy yordam ko`rsatiladi. Qo`shimcha savollar bo`yicha o`zingiz yashab turgan fuqarolar yig`ini yoki sektor rahbarlariga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.", deyiladi xabarda.