2021 yilning olti oyi davomida yurtimiz aholisi tomonidan “103” xizmatiga bo`lgan jami murojaatlar soni 5 million 412 ming 806 tani tashkil etdi.
Eng ko`p murojaat Farg`ona (701 838 ta) va Andijon viloyati (638 640 ta) hamda Toshkent shahri(514 409)da qayd etildi.
Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, o`tgan yilning ayni shu davrida yurtdoshlarimizdan tez tibbiy yordam xizmatiga 5 million 362 ming 524 ta chaqiriq kelib tushgan edi.
Shuningdek, joriy yil iyul oyida respublika bo`yicha “103” xizmatiga bo`lgan jami murojaatlar soni 1 million 343 ming 666 tani tashkil etib, eng ko`p chaqiriq Farg`ona, Andijon, Namangan, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari hamda poytaxtda qayd etildi.
Qolaversa, iyul oyida 28 ming 48 ta murojaat “tez yordam” xodimlari tomonidan natijasiz chaqiriqlar, deb baholandi. Bu “103” xizmatiga yolg`on chaqiriq, ular kelishini kutmay yo`lovchi transportda olib ketilgani, manzil topilmagani, tez tibbiy yordam rad etilgan kabi qator vaziyatlar bilan bog`liq.
E`tiborlisi, olib borilgan targ`ibot ishlari natijasida joriy yil “103” xizmatiga yolg`on qo`ng`iroqlar kelishi biroz kamayishiga ham erishildi. Jumladan, 2021 yilning ikkinchi choragida “tez yordam”ga 2907 ta yolg`on chaqiriq kelib tushib, bu raqam o`tgan yilning ayni shu davrida 4658 tani tashkil qilgan edi.