Tanzila Narboeva Oliy Majlis Senatining o`n sakkizinchi yalpi majlisida kadastr sohasini tanqid qildi.
"Bugun kadastr masalasi ham nihoyatda dolzarb. So`nggi yilarda sohadagi tizimli o`zgarishlarga qaramasdan joylarda qator muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, erlarni talon-toroj qilish, o`zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy sotish, korrupsiya holatlari hali ham kuzatilmoqda. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda er sotish bilan bog`liq jinoyatlar haqida xabarlar tarqalmoqda. Bunday jinoyatlarga Kadastr agentligining sobiq va amaldagi xodimlari ham qo`l urayotgani achinarli.
Tabiiyki, biz bunga befarq qaray olmaymiz. Shu sababli, kadastr sohasiga oid qonunchilik hujjatlari ijro etilishi holati yuzasidan Kadastr agentligi rahbarining axborotini eshitishni lozim topdik. Haqiqatdan ham dolzarb masala. Joylarda er maydonlarining o`zboshimchalik bilan egallab olinishi holatlari davom etayotgani juda tashvishli.
Erni noqonuniy egallab, imorat qurish holatlarini payqamaslik mumkin emas. Har bir hududda mahalla raisi, uchastka noziri, sektor rahbari, yoki bu masalaga bevosita mas`ul va javobgar bo`lgan kadastr xodimlari bor. Biroq, tor manfaatlar ilinjida bunga ko`z yumilyapti.
Bugungi sharoitda Agentlik aholi uchun eng yaqin va ochiq tashkilot bo`lishi kerak. Biroq ayni paytda buning aksini ko`ryapmiz.
Prezidentimiz bekorga ochiqlik va shaffoflikni talab qilmaydilar. Shu talab bajarilmagan soha borki, barchasi korrupsiya botqog`iga botadi",– deyiladi Senat Raisi nutqida.