AsosiyDunyo

Mustaqillik kuni Kuala-Lumpurdagi inshootlar O`zbekiston milliy bayrog`i ranglariga burkanadi

'Mustaqillik kuni Kuala-Lumpurdagi inshootlar O`zbekiston milliy bayrog`i ranglariga burkanadi'ning rasmi

O`zbekiston davlat  mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan  Malayziya poytaxtining qator diqqatga sazovor inshoatlari O`zbekiston milliy bayrog`i ranglariga burkanadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

O`zbekistonning Malayziyadagi elchixonasidan ma`lum qilishlaricha, yurtimiz istiqlolining 30 yilligi munosabati bilan Kuala-Lumpur  shahrining mashhur inshootlari - «Saloma Link» piyodalar ko`prigi, shahar meriyasining osmono`par binosi, shuningdek, mashhur «Petronas Twin Towers» egizak minoralari joylashgan chorraha milliy bayrog`imiz rangi bilan bezanadi.

2020 yilda poytaxtning biznes tumanida ochilgan «Saloma Link» piyodalar ko`prigi qisqa vaqt ichida Malayziyaning ramzi va Kuala -Lumpur aholisi hamda mehmonlari uchun sevimli maskanga aylandi. Palma shoxlarini eslatuvchi ushbu ko`prik shakli betel yong`og`i yaproqlaridan yasaladigan an`anaviy malay kompozisiyalariga monand tarzda bunyod etilgan. Ko`prik 4 mingdan ortiq maxsus fasad panellari va ultrazamonaviy svetodiod chiroqlari yordamida yoritiladi.

Ko`prikning uzunligi 69 metr bo`lib, u tezyurar shosse va Malakka bo`g`oziga quyiladigan Klang daryosi ustidan o`tgan.  Mazkur bo`g`oz Suvaysh va Panama kanallari qatori dunyodagi eng muhim dengiz arteriyalaridan biri hisoblanadi. U Hind va Tinch okeanlari o`rtasidagi asosiy yo`nalish bo`lib, dunyoning aholi zich yashaydigan mintaqalari hisoblanadigan Janubiy, Janubi-Sharqiy va Shimoli-Sharqiy Osiyoni bir-biriga  bog`laydi.

Kuala-Lumpur shahar meriyasi Malayziyaning «Dataran Merdeka» deb nomlangan Mustaqillik maydonida joylashgan. Darvoqe, 1957 yil 31 avgust kuni ushbu maydonda Malayziya mustaqilligi e`lon qilingan. Shahar meriyasi binosining fasadi Malayziyadagi eng katta  LED-ekran vazifasini ham o`taydi. U 90 metrga 30 metrlik o`lchovga ega.

Kuala-Lumpurning markaziy ko`chalari kesishgan sergavjum chorrahada joylashgan «Petronas Twin Towers» egizak binolari Malayziyadagi eng mashhur va eng ko`p sayyohlarni jalb qiladigan joy hisoblanadi. Aynan ushbu maskanda yirik formatli va yuqori sifatli ekranda O`zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlangan videoroliklar har 5 daqiqada namoyish etib turiladi.

O`zbekistonga bag`ishlangan videoroliklar, mamlakatimiz davlat bayrog`i va davlat gerbining elektron shakllari «Dunyo» AA tomonidan  tayyorlangan va taqdim etilgan.

 

    Boshqa yangiliklar