30 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat mustaqilligining 30-yilligi bilan bir birini dildan qutlab, birodar O`zbekiston va Qirg`iziston xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O`zbekiston bilan Qirg`iziston o`rtasidagi yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida o`tgan oliy darajadagi uchrashuvlar chog`ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.
Sanoat, qishloq xo`jaligi, transport va logistika sohalarida aniq kooperasiya loyihalarini, shuningdek, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish maqsadida hukumatlar darajasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.
Prezidentlar, shuningdek, mintaqa kun tartibidagi, shu jumladan qo`shni Afg`onistondagi vaziyatning keskinlashishi bilan bog`liq masalalarni muhokama qildilar.